Andijon shahri sobiq hokimi 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Bugun Farg‘ona viloyat sudi binosida B. Xaydarov (1972-yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan, Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i, Andijon shahar hokimi lavozimlarida ishlagan), S. Yulchiyeva (1976-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar XTB markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmatida bosh hisobchi lavozimida ishlagan), K. Asqarov (1982-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar prokurori, Andijon viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi lavozimlarida ishlagan), F. Mullajanov (1983-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan), Sh. Xashimov (1990-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasining mahalliy budjet daromadlarini rejalashtirish va budjetlarini shakllantirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va boshqalar (jami 45 nafar sudlanuvchi) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi A. Utayev raisligida hamda sudyalar O. Arabov va Sh. Sherkulovdan iborat sud tarkibda birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.
Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2022-yil 26-dekabrdagi hukmiga ko‘ra:
B. Xaydarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. B. Xaydarovga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi hamda 61-moddasi tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining 2022-yil 13-dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazo to‘liq qo‘shilib, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
S. Yulchiyeva Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. S. Yulchiyevaga Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining hukmi bilan tayinlangan 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilish va 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosining o‘talgan 9 oy 10 kun muayyan huquqdan mahrum qilish va 9 oy 3 kun axloq tuzatish (3 oy 3 kun uy qamog‘ida o‘tirgan muddati o‘talgan hisobidan qo‘shiladi) ishlari jazosi, tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 2 oy 20 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 11 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘tash uchun qoldirildi.
K. Asqarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
F. Mullajanov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sh. Xashimov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qolgan 40 nafar sudlanuvchi sodir qilgan jinoiy harakatlari doirasida tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167, 168, 205, 207, 208, 209, 211, 28,211, 228 va 243 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga 4 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 yilgacha ozodlikni cheklash hamda 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish jazolari tayinlandi.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan 63 mlrd. so‘mdan ziyod miqdoridagi moddiy zararning 16 mlrd. so‘mdan ortig‘i qoplangan bo‘lib, zararning qolgan qismini sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.
Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter