Bolalarga nisbatan jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi. Nimalar o‘zgarmoqda?
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi mamlakatda bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Mazkur hujjat bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish bo‘yicha muhim qadamlarni belgilaydi.
Endi nimalar o‘zgaradi?
- 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlarga nisbatan jazolar keskin kuchaytiriladi — umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha.
- Voyaga yetmaganlarga oid jinsiy va zo‘ravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilish vakolati prokuratura organlariga o‘tkaziladi.
- Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar tomonidan bunday ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
- Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklovlar belgilanadi.
- Nodavlat ta’lim tashkilotlarini majburiy kamera bilan ta’minlash va videoyazuv qaydlarini kamida 6 oygacha saqlash talabi joriy etiladi.
- Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi.
- Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam beriladi.
- Sudgacha va sud jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining majburiy ishtiroki ta’minlanadi.
- Jinsiy zo‘ravonlik ishlarida bola va gumon qilinuvchi o‘rtasida yuzlashtirish faqat tergovchi va prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkaziladi.
- Tajriba tariqasida “Barnahus” modeli joriy etiladi — barcha protsessual harakatlar va psixologik jarayonlar bola uchun xavfsiz, yagona muhitda amalga oshiriladi.
- Tergovchi, sudya, prokuror, advokat va ijtimoiy xodimlar bolalar bilan ishlashning maxsus dasturlari asosida tayyorgarlikdan o‘tadi.
- Bolalarni “raqamli makon”da himoya qilish uchun 24/7 ishlovchi monitoring va xabar berish platformasi yo‘lga qo‘yiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter