Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro shahar prokurori murojaatini Respublika idoralararo komissiyasi o‘rganadi

Buxoro shahar prokurori murojaatini Respublika idoralararo komissiyasi o‘rganadi

Buxoro shahar prokurori J.Fozilov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi xabariga ko‘ra, Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaatida keltirilgan vajlar o‘rganish boshlandi. 

Joriy yil 11-dekabr kunidan buyon internet tarmog‘i orqali Buxoro shahar prokurori J.Fozilov tomonidan tarqatilgan videomurojaatlarda prokuratura organlarining ayrim xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi ma’lum qilingan.

J.Fozilovning vajlarini sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida joriy yil 14 dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.

Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasining mas’ul xodimlari kiritildi.

«Komissiya murojaatda keltirilgan qonunbuzarlik holatlarini joyiga chiqqan holda, J.Fozilovning barcha vajlarini bevosita o‘zining ishtirokida chuqur va xolisona o‘rganilishini tashkil etadi.

Tekshirish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda xabar beriladi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro shahri prokurori dastlab 11-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat qilgandi. Oradan kun o‘tib, Jasur Fozilovning bir emas, yana bir nechta videomurojaatlari tarqalgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring