Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fozilxo‘ja Arifxodjayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Fozilxo‘ja Arifxodjayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Toshkent shahar IIBBning xabar berishicha, joriy yilning 26 iyun kuni taxminan soat 19:45 larda ichki ishlar organlariga Olmazor tumanida joylashgan «To‘xtaboy» jome masjidiga kelgan fuqarolar tomonidan 1980 yilda tug‘ilgan Fozilxo‘ja Arifxodjayev janjal ko‘tarib, jamoat tartibini va fuqarolar tinchligini buzganligi haqida xabar kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor sudiga taqdim etilgan. Sud F.Arifxodjayevni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tekshiruv jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga F.Arifxodjayevning uyali aloqa vositasida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etganligi haqida xabar kelib tushgan. Mazkur materiallarning xususiyatiga aniqlik kiritish maqsadida telefon apparati protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan, diniy mazmundagi materialni tekshirish uchun dinshunoslik ekspertizasi tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, F.Arifxodjayevning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Fozilxo‘ja Arifxodjayev» nomli profiliga joylashtirilgan ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishligi aniqlangan. Ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan F.Arifxodjayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 244-1-moddasi 3-qismi «G» bandi («Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring