Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki yilda besh marta sudlangan ayol

Ikki yilda besh marta sudlangan ayol

Foto: «Zen.yandex.ru»

Ikki oydirki, Toshkent viloyatida yashovchi B.Toshbayev (ism-sharif o‘zgartirilgan) va O.Toshbayevaning ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Bu bejizga emas, albatta. Bu oilaning farzandi — X.Toshbayeva jinoiy qilmishlarga qo‘l urgani tufayli ozodlikdan mahrum etilgani ularning yuzini shuvut, qaddini dol qilib qo‘ydi.

X.Toshbayevaga dastlab o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgani uchun unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining 2018-yil 13-iyuldagi hukmiga binoan, 11 oy 23 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi. Aslida, bu jazo unga qilmishidan tegishli xulosa chiqarib, hayotda to‘g‘ri yo‘lni topib olishi uchun berilgan bir imkoniyat edi. Ammo X.Toshbayeva bu bag‘rikenglikning qadriga yetmadi. Eng achinarlisi, u 2018-yil 18-sentyabrda farzandli bo‘lgach, qo‘lida chaqalog‘i bilan ikkinchi marotaba o‘g‘irlikka qo‘l uradi. Shu bois jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudining 2019-yil 19-fevraldagi hukmiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilib, 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Biroq sud Jinoyat kodeksining 533-moddasi 1-qismidagi, ozodlikdan mahrum etilgan mahkumaning yosh bolasi bo‘lsa, u uch yoshga to‘lgunga qadar hukm ijrosini kechiktirishi mumkinligi haqidagi qoidadan kelib chiqib, tayinlangan jazo kechiktiriladi. Agar X.Toshbayeva sodir etgan jinoyatining oqibati va mohiyatini teran anglab yetganda edi, qayta jinoyatga qo‘l urmagan bo‘lardi. Biroq ko‘zi ochilmagan «qahramon»imiz uchinchi, to‘rtinchi marotaba o‘g‘irlik ko‘chasiga kiradi. Buning uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2019-yil 4-iyuldagi va jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2019-yil 8-oktyabrdagi hukmlariga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etilsa-da, farzandi 3 yoshga to‘lmagani bois ikkala safar ham tayinlangan jazo ijrosi kechiktiriladi. Ammo axloqan tuzalmagan bu ayol 2019-yil 29-dekabrdan 30-dekabrga o‘tar kechasi beshinchi marotaba o‘g‘irlikka qo‘l uradi, ma’lum bo‘lishicha, Xalima 2019-yil 10-dekabr kuni Nodir ismli tanishi bilan birga Xovos tumanida yashovchi Z.Hojiboyevadan ijaraga uy so‘rab boradi. U o‘zini Z. Hojiboyevaga «Robiya» deb tanishtiradi. Bundan behabar xonadon sohibasi esa, uning homiladorligini ko‘rib, qolaversa, qish fasli ekanligini inobatga olib, oyiga 500 000 so‘m haq to‘lash sharti bilan ijaraga qo‘yadi.

Shundan so‘ng X.Tashbayeva ushbu ijara uyda yasharkan, xonadondan nimalarnidir o‘marishni rejalashtirib, buning uchun qulay payt kelishini poylay boshlaydi. 2019-yil 30-dekabr kuni esa, g‘araz maqsadiga erishadi. Shuni ta’kidlash zarurki, qaynona-qaynotasi Samarqand viloyatida yashagani bois, o‘sha kuni Z.Hojiboyeva eri bilan birga ularni ko‘rish hamda yangi yil bayramini nishonlash maqsadida yo‘lga chiqishadi. Zarina opa o‘ziga qo‘shni bo‘lib yashovchi ukasi A.Hojiboyevga ham uyiga, ham og‘iroyoq «Robiya»ga ko‘z-quloq bo‘lib turishni tayinlaydi. Shu bilan birga, Z.Hojiboyeva Xalimaga kechki ovqat uchun masalliqlarni ham tayyorlab beradi. Lekin X.Toshbayeva soat 03:30 larda uy mehmonxonasining devoriga o‘rnatilgan, bahosi 2.500.000 so‘mlik «ROYSON» rusumli televizor, bahosi 3.500.000 so‘mlik 3 dona tilla zanjir, bahosi 1.600.000 so‘mlik 2 dona uzuk, 950.000 so‘mlik ayollar atiri, 950.000 so‘mlik 2 dona choyshabni o‘zi yollagan avtomashinaga ortgan holda g‘oyib bo‘ladi. So‘ngra o‘g‘irlangan buyumlarni bozorda arzon-garovga sotib yuboradi.

Albatta, jinoyatga jazoning muqarrarligi va qonun ustuvorligi ta’minlash Jinoyat kodeksi talabidir. X.Toshbayevaga qayta-qayta imkoni berilishiga qaramay, qasddan yangi jinoyat sodir etgani sababli sud X.Toshbayevani jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkoni yo‘q degan xulosaga keldi. Shu bois uni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topib, ozodlikdkan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Xalima-ku qilmishiga yarasha jazo muddatini o‘tab chiqadi. Biroq hali esini tanib ulgurmagan farzandlari beg‘ubor bolaligining ma’lum muddatini ona mehridan mosuvo holda o‘tkazadigan bo‘lishdi.

A.Kuramatov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudining sudyasi

B.Mamadaminov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudining sudyasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring