Ishqiy tanishuv 700 dollarlik «shantaj» bilan yakunlandi
Yaqinda «Xabar.uz» nashrida Telegram’dagi «sirli oshiq» yigit aslida qiz bo‘lib chiqqani, shuningdek, bir erkak videoqo‘ng‘iroq orqali mash’uqasini shantaj qilgani haqida xabar berilgandi. Achinarlisi, bunday jinoyatlar kunma-kun emas, soatma-soat ko‘payib bormoqda.
Jumladan, Buxoro tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birida haydovchi bo‘lib ishlab kelayotgan 28 yoshli fuqaro R.J. Imo messendjeri orqali o‘zidan yoshi katta, oilali L.Sh. ismli ayol bilan tanishgan. 2025 yil may oyida boshlangan virtual muloqot vaqt o‘tishi bilan real hayotdagi ishqiy munosabatlarga aylanib ketgan.
R.J. ayolning ishonchini qozonib, uning yarim-yalang‘och holatdagi videotasvirlarini yashirin ravishda telefoniga yozib olgan. Shundan so‘ng u mazkur videolar orqali L.Sh.ga nisbatan ruhiy bosim o‘tkaza boshlagan. Aytilgan pul berilmagan taqdirda, ayolni ijtimoiy tarmoqlar orqali sharmanda qilish, videotasvirlarni eri va yaqin qarindoshlariga tarqatib yuborish bilan tahdid qilgan. Ushbu videolarni o‘chirib tashlashi evaziga 700 AQSh dollari talab qilingan.
«Biroq jinoyat uzoqqa cho‘zilmadi. Buxoro viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbirlar natijasida mazkur jinoiy sxema fosh etildi. R.J. tezkor xodimlar tomonidan 400 AQSh dollarini olayotgan paytida qo‘lga olindi. Bugun jinoyat usullari har daqiqada o‘zgarib, murakkablashib borayotgan bir paytda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yanada ogoh bo‘lishlari lozim. Ekran ortidagi shirin so‘zlar hayotni zulmatga aylantiruvchi xavfli tuzoq bo‘lishi mumkinligini unutmaslik kerak», — deydi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev.
Ayni paytda gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter