Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Menga vaqt yetmaydi»: Prezidentning Seuldagi 9 soati

«Menga vaqt yetmaydi»: Prezidentning Seuldagi 9 soati

Janubiy Koreya — vaqt qadrini his qilgan va uni taraqqiyotning eng muhim resurslaridan biriga aylantira olgan mamlakat. Bu yerda «ppalli-ppalli» — «tezroq, shoshilinch» madaniyati oddiy hayot tarzidan tortib, iqtisodiyot va davlat boshqaruvigacha singib ketgan. Biroq bu shoshilish shunchaki tez harakatlanish emas, zamon bilan bir qadamda yurish, imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik, kelajakni bugundan boshlash falsafasidir.

O‘zbekiston Prezidentining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida kechgan bir kun esa bu tushunchaning yana bir jihatini ko‘rsatdi. Tashrifni yoritish uchun kelgan jurnalistlar, delegatsiya a’zolari va, eng avvalo, davlat rahbarining o‘zi uchun vaqt deyarli «yetmaydigan» kun bo‘ldi.Jurnalist Aziza Qurbonova tashrif jarayonidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

«…Men mashinada ko‘p yuraman, ko‘chada bir-biri bilan muloqot qilib ketayotgan yoshlarni ko‘rib o‘ylayman: qani endi ular eng baxtli kunlari shu ekanini bilsalar... Bilasizlarmi, Prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!»

Seulda davlat rahbarining vatandoshlarimiz bilan muloqoti chog‘ida bu so‘zlarni eshitib, ta’sirlandim.

Biz — O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifini yoritish uchun kelgan jurnalistlar ham, delegatsiya a’zolari ham, mana bildikki, Prezidentning o‘zi ham vaqt bilan hisoblashib ishlayapti.

Tasavvur qiling, Seul O‘zbekistondan 4 soat oldinda. 15-sentyabr kuni O‘zbekistonda tonggi soat 6:00 bo‘lgan paytda davlat rahbarining Koreya Milliy assambleyasida uchrashuvi bo‘layotgan edi.

Prezidentimiz parlament spikeri bilan xayrlashayotganida aytgan gaplari qulog‘imga chalindi:

«Ishlarimiz juda ko‘p, soat 4 da uyg‘onishga to‘g‘ri kelyapti».

«Ishlarimiz juda ko‘p» degan jumlaning mazmunini kun tartibining o‘ziyoq ko‘rsatib turardi. Prezidentning ish dasturida tushga qadar bir nechta muhim uchrashuv va tadbirlar belgilangan. Jumladan, uchrashuv va qabullar, 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashgan O‘zbekiston — Koreya biznes forumida nutq so‘zlash, hujjatlarni imzolash marosimi, O‘zbekiston viloyatlarida 5 ta qo‘shma yangi loyihaga start berish, shuningdek, Koreyaning 10 ta chebol kompaniyasi — ko‘p tarmoqli yirik oilaviy biznes vakillari bilan uchrashuvlar.

Bu orada yana bir zalda Koreyada yashab, o‘qib va mehnat qilayotgan 50 ga yaqin vatandosh Prezident bilan uchrashuvni kutib turibdi. Bu ishlarning boshida turish tugul, ularning ro‘yxatini o‘qib chiqishning o‘zi «eh-ha» degan taassurot qoldiradi.

Kostyum-shim kiygan jiddiy odamlarning suhbatidan qulog‘imga chalingan gaplardan biri shunday bo‘ldi:

«Balki, vatandoshlar bilan uchrashuv bekor bo‘lar? Uchrashuvga kirmang, deb ayta qolamiz. Sammitga tayyorgarlik ko‘rishlari kerak, hali tushlik ham qilmadilar». Ammo uchrashuv bekor qilinmadi.

Prezidentning tushlik qilmay ishlayotganiga biz ham guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, xorijiy tashriflarda tadbirlar bir-biriga ulanib ketadi. Shunga qaramay, davlat rahbari imkon qadar ko‘proq odam bilan muloqot qilishga harakat qiladi.

Kun davomida nihoyatda ko‘p odam bilan suhbatlashish, topshiriqlar berish, nutq so‘zlash va uchrashuvlarda ishtirok etish — «non-stop» rejimi o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Prezident ba’zan tomog‘i qirilayotgani uchun uzr so‘raydi, «Bular menga suv ham bermaydi», deya yarim hazil, yarim chin gapiradi.

Bu safargi auditoriya asosan yoshlardan iborat. Ular orasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyachilari, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan vatandoshlar va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bor. Masalan, 50 dollardan biznes boshlab, bugun O‘zbekistondan mahsulot import qilayotganlar, yoki universitetda 7 nafar koreys talabaga o‘zbek tilini o‘rgatishdan boshlab, hozir yiliga 70 nafardan ortiq talabaga ta’lim berayotgan olimalar.

Prezident ular bilan tashrif tafsilotlari, Koreyaga kelish maqsadi, ikki davlat munosabatlarining rivoji hamda xorijda yashayotgan fuqarolarga qanday ko‘mak berish mumkinligi haqida suhbatlashadi. O‘nga yaqin yoshning takliflarini tinglaydi.

Protokol xizmati bir necha bor davlat rahbari yoniga kelib eslatadi: «9 soat bo‘ldi». Davlat rahbari esa muloqotni davom ettiradi.

Biz, jurnalistlar esa bu raqamning o‘ziga e’tibor qaratamiz. «9 soat» nimani anglatadi? To‘xtovsiz ishlayotganiga 9 soat bo‘ldimi yoki navbatdagi muhim tadbir boshlanishiga 9 soat qoldimi?

Uchrashuvda Koreyada tadqiqot olib borayotgan Yelena Chuyanova «tez-tez, shoshilinch madaniyat»ni eslatadi: 빨리빨리 문화 — «ppalli-ppalli munxva». Bu tushuncha tez harakat qilish, vaqtni boy bermaslik va taraqqiyot sur’atidan ortda qolmaslikni anglatadi.

Koreya taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan bu madaniyat Prezidentning «shoshilmasdan shoshilish» prinsipini ham yodga soladi. Ya’ni, har bir imkoniyatdan o‘z vaqtida foydalanish, zamondan ortda qolmaslik va bugungi qarorlarni ertangi taraqqiyot bilan bog‘lash.

«Bir daqiqa ham vaqtlaringizni bekorga o‘tkazmanglar. 5 yil o‘tadi, 10–15 yil o‘tadi. Kim boshqaradi O‘zbekistonni? Sizlar. To‘g‘ri, sog‘inch qiynaydi. Vatan sog‘inchi alamida ko‘proq ilm olinglar, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilinglar».

9 soat «tik oyoqda» o‘tgan kun hali yakuniga yetmagan edi. 16-sentyabr kuni Markaziy Osiyoning besh davlati va Koreya o‘rtasida sammit bo‘lishi rejalashtirilgan. Unga tayyorgarlik jarayonida Prezidentning nutqi va sammit doirasida ilgari suriladigan tashabbuslar ustida ish davom etmoqda.

Qachon rahbar dam oladi — bu savolga javob topish butun delegatsiya uchun hozircha jumboq.

«O‘zimniyam qiynayman, sizlarniyam, ishlamaguningizcha qo‘ymayman. Bizga 40 million xalq qarab turibdi. Ularni rozi qilishimiz kerak».

9 soatlik «non-stop»ning sirini bilmayman. Ammo maqsadi aniq. Vaqtni boy bermaslik. Zamondan ortda qolmaslik. Va 40 million inson ishonchini oqlash.

Taraqqiyot faqat katta loyihalar yoki yuqori texnologiyalar bilan emas, vaqtga munosabatdan ham boshlanadi. «Ppalli-ppalli» madaniyati Koreyaga vaqtni qadrlashni o‘rgatgan bo‘lsa, O‘zbekiston uchun bugungi asosiy vazifa — har bir daqiqani natijaga aylantirish.

9 soatlik muloqot, uchrashuv va muzokaralar ortida ham aslida bitta maqsad yotadi, vaqtni boy bermasdan, bugun qabul qilingan qarorlarni ertangi natijaga aylantirish. Zero, taraqqiyotni kutib turib emas, unga ulgurib yashaydigan mamlakatgina zamon bilan hamnafas bo‘la oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring