Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jarqo‘rg‘onda jar solgan hokim yoki «...sudyada bor alamim manim!»

Jarqo‘rg‘onda jar solgan hokim yoki «...sudyada bor alamim manim!»

Sud raislarining «esini kiritib qo‘yish» bobida G‘uzor tumani hokimi (endilikda sobiq) S.Boboqulov Jarqo‘rg‘on hokimi Z.Davlatovdan «aqlliroq» ekanmi, deysan-da.

Bilasiz, S.Boboqulov G‘uzorni idora qilib turgan paytida, tumanlararo sudning «quloqsiz» raisini «jazolash» niyatida, u bilan telefondagi suhbati audiosini internetga chiqarib yuborgandi. Biroq voqealar rivoji kutganidan aksincha kechib, sharmanda bo‘lgani qoldi va ko‘p o‘tmay ishdan ketdi (to‘g‘ri, hokim «salomatligi tufayli» vazifasidan olingani aytildi, ammo ko‘p o‘tmay viloyat miqyosidagi mas’ul lavozimga tayinlandiki, bu uning ishdan ketishiga asos bo‘lgan argumentni shubha ostiga qo‘yishi barobarida «sulton suyagini xo‘rlamas» maqolini ham yodga soladi!).

Dumbullikning bundan ortig‘i yo‘q aslida, biroq shuyam Jarqo‘rg‘on tuman hokimi Z.Davlatovning xurmacha qilig‘i oldida holva bo‘lib qoldi-da.

Gapning indallosiga ko‘chsak, «Jarqo‘rg‘on voqeasi» bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan «Xabar.uz» hokimning sudyalarni qasddan obro‘sizlantirishga  qilgan xatti-harakati adovatdan boshqa narsa emas, degan xulosa keldi.

Nega?

Chunki, Jarqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudi hokimning bir necha qarorlarini bekor qilib, hatto unga nisbatan xususiy ajrim ham chiqargan ekan. Rost-da, tuman hokimlarining sudyalar bilan qachon yo‘llari kesishadi?! Qachonki, hokim chiqargan qaror(lar) sud tomonidan bekor qilinganda yoxud sud hokimga muayyan majburiyat yuklaganida! Boshqa paytda bir-biri bilan ishi yo‘q, zero, sud mustaqil organ, illo, mahalliy hokimlikning tarmog‘i emas.

Voqelikka bosibroq qaralsa, hokim «asosiy e’tiborini» tuman ma’muriy sudi raisiga (ayol kishi!) qaratadi. Ya’nikim, blok-postda aynan uning xizmat mashinasiga shaxsan yopishadi, «sudning mashinasi o‘tmaydi!» deya baqirib, avtoulovning orqa eshigini ochadi va u yerda o‘tirgan ma’muriy sud raisini uyali telefoniga «zapis» qilib, shu atrofidagilarga «mana, ko‘rib qo‘yinglar, sudyaning o‘zi karantin qoidalarini buzyapti?!», deya jar soladi?! Qanday ayanchli manzara, shunday emasmi?! Ayniqsa, tumanga bosh bo‘lgan rahbar uchun?! Shunga qaramay voqelikka guvoh bo‘lgan tuman IIB boshlig‘i va prokuror (!) aytmaydiki, hokim buva, o‘pkangizni bosing, birinchidan, sudning xizmat mashinasiga hatto qo‘l tekkizishga haqqingiz yo‘q, ikkinchidan, karantin munosabati bilan maxsus komissiya kiritgan cheklovlar sudlarga taalluqli emas, deb... Aksincha, prokuror tomoshabinlikdan nariga o‘tmagan bo‘lsa, IIB rahbarlari «estafeta»ni davom ettirib, haydovchiga kuch ishlatib, jarohat yetkazadi, kamiga ma’lum vaqt «oborib tiqib» qo‘yadi — bu endi alohida mavzu.

Asosiy gapga qaytsak.

Qo‘lga kiritgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, shu yilning 9-iyun kuni tuman ma’muriy sudi tomonidan hokim Z. Davlatovning bir emas, ikkita «ishi» ko‘rib chiqiladi. Birinchisi, tumandagi «DUSAN BOBO» fermer xo‘jaligi arizasi sud tomonidan qisman qanoatlantirilib, yakunda hokimga o‘zining noqonuniy qarorini bekor qilish majburiyati yuklanadi. Gap shundaki, hokim 2018-yilning 29-dekabr kuni 2052-sonli qarori bilan fermer xo‘jaligi foydalanuvidagi yer maydonlarini olib qo‘yadi va boshqaga berib yuboradi. Mazkur qaror iqtisodiy sud tomonidan bekor qilingan bo‘lsa-da, hokim sud qarorini bajarishdan ochiqdan-ochiq bosh tortadi (ajab, tumanda Majburiy ijro byurosi degan organ yo‘qmikan?!). Natijada fermer tuman rahbari harakatsizligidan norozi bo‘lib, ma’muriy sudga murojaat qiladi... Ayni paytda tuman ma’muriy sudining hokimga o‘z noqonuniy qarorini bekor qilish majburiyati yuklatilgan qarori qonuniy kuchda. Biroq ijro hamon «dam yeb» yotibdi...

Ko‘rilgan ikkinchi ma’muriy ishda hokimning 2018-yil 12-dekabr kungi 2331-sonli qarori haqiqiy emas deb topiladi. Holatni ochiqlasak, hokim mazkur qarori bilan «Janub meva sabzavot eksport» MChJga tegishli inshootni yer maydonlariga qo‘shib, bir fuqaro egaligiga tom ma’noda in’om qilib yuborgan ekan. E’tiborlisi, ushbu qaror noqonuniy bo‘lgani uchun tuman prokuraturasi o‘z vaqtida protest beradi. Biroq prokuror protesti hokim tomonidan hech qanday asoslarsiz rad etiladi. Shundan so‘ng masala sud tartibida ko‘riladi va tadbirkorlik sub’yektining buzilgan huquqlari tiklanadi.

Shu o‘rinda yana bir e’tiborli holat bor. «Janub meva sabzavot eksport» MChJ nizoga sabab bo‘lgan joyda katta ishlar qilishni rejalab, 406000 AQSh dollari (!) qiymatidagi asbob-uskunalar sotib olgan, mo‘ljal 80 ta ish o‘rni yaratish edi. Hokimning noqonuniy qarori shunday xayrli ishlarga tushov bo‘ldi, xolos. Yana bitta e’tiborli holatki, hokimning noqonuniy qarori zamirida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishdek jinoyat alomatlari borligi sabab sud alohida xususiy ajrim chiqarib, Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuboradi hatto. Xususiy ajrim taqdiri nima bo‘ldi — buyam katta savol. «Jarqo‘rg‘on voqeasi» yuzasidan tekshirish boshlagan viloyat prokuraturasi yakunda shunga ham javob berar balki?!

Tuman ma’muriy sudi shu yilning 17-iyun kuni hokimning yana bitta qarorini haqiqiy emas deb topadi (e’tibor bering, sud joriy yilning 9 — 17-iyun oralig‘ida hokimning ikkita qarorini haqiqiy emas deb topmoqda, shuningdek, bitta majburiyat yuklash haqida qaror va bitta xususiy ajrim chiqarmoqda!). Ya’nikim, tuman rahbari 2019-yilning 26-dekabr kuni Q-6692-sonli qarori bilan bir fuqaroning xususiy mulki joylashgan yer maydonini tuman zaxirasiga oladi. Mazkur noqonuniy qaror xususiy mulk egalarini hatto ostona hatlab, ko‘chaga chiqish imkoniyatidan mahrum qiladi deng?! O‘ta kulgili va ayanchli manzaraga sabab bo‘lgan qaror, turgan gap, sudda bir zarbda huquqiy kuchini yo‘qotadi...

Mana, Sizga ahvol.

Xullas, yuqoridagi bayonlar tuman hokimining huquqiy savodi, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy qiyofasi nechog‘liq ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Baski, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash bugun olib borilayotgan siyosatda eng ustuvor vazifa ekanligi, ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shartligi haqidagi davlat rahbarining talablarini eslatishdan foyda bormikan?!

Faqat ko‘ngilda og‘riqli savol tug‘iladiki, bunday shaxslar rahbarlik lavozimiga qanday kelib qolyapti o‘zi? Tuman hokimligi — duch kelgan kimsa egallashi mumkin bo‘lgan lavozim emas. Ayni kursiga nomzod ozmuncha chig‘iriqdan o‘tmaydiki, shunga qaramay, hokimlar ichida hatto sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlari bilan aholi noroziligiga sabab bo‘layotganlari kammi?!

Bugunning eng og‘riqli savoli shu, aslida?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring