Ma’muriy sudlarga murojaat qilishning 4 ta shakli taklif qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu tashabbus sud-huquq tizimini 2026–2028-yillarda rivojlantirishga qaratilgan yangi strategiya doirasidagi islohotlar bilan uyg‘unlashadi.
O‘zbekistonda ma’muriy sudlar faoliyati 2017-yil 1-iyuldan yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davrda ular tomonidan qariyb 150 mingta ish ko‘rib chiqilib, 70 mingdan ortiq holatda davlat organlarining noqonuniy qarorlari bekor qilingan.
Shuningdek, mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan yuqori turuvchi yoki boshqa vakolatli organlarga qariyb 27 mingta xususiy ajrim chiqarilgan. Taqdimotda tizimni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi uchun 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish takliflari ko‘rib chiqildi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, fuqaro va tadbirkorlarga huquqi buzilishidan oldin uning himoyasini proaktiv tarzda ta’minlash imkoni yaratiladi. Buning uchun sudga murojaat qilishning to‘rt turdagi da’vo shaklini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Amaldagi sudga murojaat qilish muddati ham qayta ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarga davlat organi tomonidan qonunbuzilish sodir etilganini tan olish talabi bilan sudga muddatsiz murojaat qilish huquqini berish taklif etildi.
Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan fuqarolarning bevosita sudga shikoyat qilish huquqini joriy etish taklif qilinmoqda. Ma’muriy sud ishlarini yuritishning amaldagi qoidalarida davlat organlari qarorlari va harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibi nazarda tutilgan.
Taqdimotda ma’muriy sudlar vakolatlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Sudlarga fuqarolar va tadbirkorlarga ta’sir choralarini qo‘llashda davlat organlarining diskretsion vakolatlaridan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirish vazifasini yuklash taklif qilindi.
Bu yondashuv Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipidan kelib chiqib, shaxsga nisbatan qo‘llanadigan huquqiy ta’sir choralari qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash uchun ham yangi chora taklif etildi. Davlat organi mansabdor shaxsiga sud qarorini ijro etmagani uchun jarima qo‘llanilganidan keyin ham qaror ijro etilmasa, sud qonuniy chora ko‘rish uchun prokurorga xabar berishi nazarda tutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter