Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB Pastdarg‘omdagi o‘zboshimchaliklar bo‘yicha bayonot berdi

MIB Pastdarg‘omdagi o‘zboshimchaliklar bo‘yicha bayonot berdi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Kecha qator ijtimoiy sayt va tarmoqlarda Pastdarg‘om tumanidagi o‘zboshimchaliklar haqida bong urilgandi. Ya’nikim, tuman hududidagi beton zavodida elektr-energiyadan noqonuniy foydalanganlik holatini aniqlagan Majburiy ijro byurosi xodimlari faoliyatiga faol qarshilik qilinishi, bunda zavod ish yurituvchisidan to tuman hokimi yordamchisigacha «alohida o‘rnak» bo‘lgani keng muhokama qilinmoqda.

Voqelikdan kelib chiqib, «Xabar.uz» Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan bog‘landi. Byuro markaziy apparati matbuot xizmati boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov vaziyatga quyidagicha oydinlik kiritdi:

— Aniqlanishicha, joriy yilning 4-dekabr kuni Pastdarg‘om tumani «Qatorterak» mahallasidagi namunali uylar ortida joylashgan «Pastdarg‘om tuman obondonlashtirish» direksiyasiga qarashli sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodi ko‘rikdan o‘tkazilganda, shu kunga qadar hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmagan holda elektr energiyasidan (elektr hisoblagichsiz) to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanib kelgan.

Ushbu holat yuzasidan, Majburiy ijro byurosi Pastdarg‘om tuman bo‘limi xodimlari tomonidan «Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi» haqida (MIB NV EH-007509) dalolatnoma hamda «Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi» (MIB SA-0010426) bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Rasmiylashtirilgan hujjatlarga zavod xodimlari qo‘l qo‘yishdan bosh tortganligi sabab shu mahallada yashovchi fuqarolar Z.Sultonova va N.Jo‘raqulovalar ishtirokida yana bir dalolatnoma tuzilgan.

Shuningdek, zavodga tegishli transformatordagi avtomatdan muhrlash yo‘li bilan elektr energiyasi tarmog‘idan uzish jarayonida tuman hokimining yordamchisi A.Mardiyev va fuqaro R.Annabozorovlar tomonidan qarshilik ko‘rsatilganligi rost.

Shundan so‘ng, fuqaro R.Annabozorov tuman hokimining yordamchisi A.Mardiyevning og‘zaki topshirig‘iga asosan MIB tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tamg‘alangan muhrlarni qasddan buzib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishini davom ettiraveradi.

Bu orada xodimlarimiz tomonidan zavodni tayanch izolyator nuqtasidan uzish maqsadida tuman elektr tarmoqlari korxonasining navbatchilik qismiga murojaat qilingan.

Murojaatga asosan, tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari X.Haitov hamda xodimlari voqea joyiga yetib kelgan. Biroq zavod elektr energiyasidan noqonuniy foydalanayotganligini haqida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan bo‘lsada, turli xil bahonalarni ro‘kach qilib, zavodni elektr tarmog‘idan uzmaydi.

Qonun talablariga ko‘ra, zavod avvalo, «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasidan havo liniyasi va o‘rnatilgan transformator punkti uchun «Xizmat loyiha»siga ega bo‘lishi, 20 kVt.li kuchlanishdan yuqori bo‘lgan ob’yektlar uchun shart bo‘lgan elektr tarmoqlari korxonasidan iste’molchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

Biroq, joriy yilning 5-dekabr kuni tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari X.Haitov ushbu Yo‘riqnomaga amal qilmasdan, Byuroning Pastdarg‘om tuman bo‘limi xodimlarining ishtirokisiz, hech qanday hujjatlarsiz yangi elektron hisoblash tizimidagi (ASKUE) elektr hisoblagich uskunasini o‘rnatib ketadi.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari X.Haitovning o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilganligi yuzasidan viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga taqdimnoma kiritildi.

Bundan tashqari, «Pastdarg‘om tuman Obodonlashtirish» direksiyasiga qarashli sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodi xodimi R.Annabozorov va tuman hokimi yordamchisi vazifasida ishlab kelayotgan A.Mardiyevning harakatlariga huquqiy baho berish uchun holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Ayni paytda zavod tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishi bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdoriga aniqlik kiritilmoqda. Shundan kelib chiqib, aybdorlarning javobgarlik masalasi hal etiladi.

...«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi. Zero, elektr ta’minotidagi uzilishlardan oddiy xalq jabr tortib turgan bugungi kunda, kimlarningdir «panohi»da bo‘lgan zavodlardagi bunday o‘zboshimchaliklarni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring