Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prokuratura Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarini suvdan quruq chiqardimi?

Prokuratura Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarini suvdan quruq chiqardimi?

Foto: «Kun.uz»

Shu yilning 14-avgust kuni «Kun.uz» sayti jurnalistlari Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Abduvahobovning tajovuziga uchragani haqida xabar berilgandi.

Ya’niki, hokim o‘rinbosari va jurnalistlar o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchilik (juda yumshoq aytganda, albatta) natijasida amaldor tajovuzona harakatlari bilan tahririyat mulki bo‘lgan texnika vositasiga (shtativ) shikast yetkazadi. 

Mazkur voqelik ijtimoiy tarmoqda yaxshigina shov-shuv keltirib chiqarib, holat prokuratura tomonidan o‘rganilayotgan bir paytda tuman hokimi o‘rinbosari, ta’bir joiz bo‘lsa, yana bir marta qovun tushiradi. U Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan uyushtirilgan video-suhbatda holatga izoh berar ekan, go‘yoki «Kun.uz» sayti xodimi undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif qilgani haqidagi da’voni ilgari suradi. Ushbu suhbat ham tarmoqlarda tarqalgach, jurnalist  o‘ziga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun A. Vahobovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llaydi. 

Voqelikning muxtasar bayoni shu.

Bugun, nihoyat, «Kun.uz» sayti ushbu holatni o‘rgangan Toshkent shahar prokuraturasining xulosasi va unga nisbatan o‘z munosabatini e’lon qildi. 

Prokuraturaga ko‘ra, Olmazor tumani hokim o‘rinbosarining xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari topilmabdi?! Natijada, hokim o‘rinbosari A. Vahobovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinibdi! Jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorda «...Olmazor tuman hokimligi tomonidan hokim o‘rinbosari A.Vahobovning xatti-harakatlari qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, u kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilgani» ta’kidlanadi.

Albatta, prokuraturaning bunday xulosasi qator-qator savollar tug‘dirmay qolmadi. Masalan, xizmat vazifasini bajarayotgan jurnalistlarga tajovuz qilib, uning ish qurolini sindirgan amaldorning «kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilgan» deb topilishi tasavvurga sig‘adimi? Boshqa gap ortiqcha.

Ikkinchidan, sayt munosabatida to‘g‘ri ta’kid etilganidek, prokuratura xulosasida A.Vahobov jurnalistni ochiqdan ochiq og‘ir jinoyat — tamagarlikda ayblagani xususida lom-lim deyilmabdi. Vaholanki, amaldorning bu ayblovini tuhmat deb bilgan jurnalist unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, o‘z vaqtida Bosh prokuraturaga murojaat etgandi. Bu prokuratura xodimining shunchaki e’tiborsizligimi yoki «og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham amaldor gapirsin» hikmatining amaldagi ifodasimi?

Yuqoridagi kabi savollar paydo bo‘lishining o‘zi prokuratura xulosasiga nisbatan asosli e’tirozlar uyg‘otmayaptimi?

Eslatib o‘tamiz, mazkur voqealar shov-shuvi jarayonida «Xabar.uz» o‘z surishtiruvni o‘tkazib, Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A. Vahobov ikki bor sud tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilganini aniqlab, «Jurnalistlarga tajovuz qilgan hokim o‘rinbosarining «yangi qirralari» ochildi» sarlavvhali maqola e’lon qilgandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring