Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi

Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi

Foto: Xabar.uz

Prezidentning «Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–227-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, Soliq qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan Soliq oliy maktabi soliq sohasi uchun zamonaviy va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Oliy maktabda o‘qish muddati kamida 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinadi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yiladi.

Oliy maktabda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:
soliqlar va soliqqa tortish;
raqamli soliq ma’murchiligi;
soliq huquqi;
moliyaviy nazorat.

Bitiruvchilar davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditorlik malaka sertifikatlarini olish uchun maxsus o‘quv kurslarini tugatganlik haqida hujjat ham oladi.

Shuningdek, ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan talabalarning o‘qish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplab beriladi.

Qaror bilan Oliy maktab tarkibidagi Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyati ham kengaytirilmoqda. Markazda sun’iy intellekt asosidagi raqamli soliq ma’murchiligi innovatsion laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu yerda soliq islohotlarining iqtisodiyotga ta’siri o‘rganilib, ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro «aql markazlari» bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab soliq organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta malaka oshirishi majburiy tartibda yo‘lga qo‘yiladi. Ilk bor ishga qabul qilingan xodimlar uchun esa 3 oygacha davom etadigan maxsus moslashuv (onboarding) kurslari tashkil etiladi.

Yoshlarda soliq madaniyatini shakllantirish maqsadida har yili maktab o‘quvchilari, kollej va texnikum o‘quvchilari hamda talabalar o‘rtasida «Soliq bilimdonlari» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari xohishiga ko‘ra Soliq oliy maktabiga imtiyozli yo‘llanma asosida qabul qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring