Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud Andijonda «og‘izga tushgan» mansabdorni jarimaga tortgan

Sud Andijonda «og‘izga tushgan» mansabdorni jarimaga tortgan

2025-yilning aprelida ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari ekani aytilgan mansabdor shaxsning xizmat xonasida giyohvandlik vositasini iste’mol qilayotgani eks etgan videolavha tarqalgan edi.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilib, mazkur fuqaroning yonidan 0,69 gramm gashish moddasi topilgani aytilgan va holat yuzasidan JKning 276-moddasi 1-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olish, tashish yoki jo‘natish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan.

Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi esa videolavha tarqalgan kunning ertasiga Andijon shahri kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i D.U. hamda uning o‘rinbosari S.B. bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganini e’lon qilgan. 

S.B.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2025-yilning iyunida JIB Andijon shahar sudida ko‘rib chiqildi.

Sud tergovi bayonnomasida qayd etilishicha, S.B. 2025-yil 3-aprel kuni soat 21:40 lar chamasida Andijon viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tadbirda «o‘zini shubhali tutganligi sababli, to‘xtatilib, ikki nafar xolislar ishtirokida tekshirilgan». Sudlanuvchi ko‘zdan kechirilganda uning cho‘ntagidan 0,69 gramm og‘irlikdagi gashish moddasi topilgan.

S.B. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, u o‘sha kuni o‘zining xamkasblari bilan birgalikda ovqatlanib, soat 21:30lar chamasida bir hamkasbi bilan shahar Bandlikka ko‘maklashish bo‘limi binosiga qaytib kelgani va avtomashinasini shu yerdagi turargohga qo‘ygan vaqtida yerdan 50 ming so‘mlik pul kupyurasi g‘ijimlangan holatda turganini ko‘rgani va u uni olib, cho‘ntagiga solib qo‘yganida, IIB xodimlari ularni to‘xtatib tekshirishganini aytadi. Uning aytishicha, tadbirda giyohvandlik moddasi aynan o‘sha 50 ming so‘mlik pulning ichidan topilgan.

Sud, sudlanuvchining aybi jinoyat ishida mavjud dalillar yig‘indisi bilan o‘z tasdig‘ini to‘liq topgan deb hisoblagan va S.B.ning 0,69 gramm og‘irlikdagi gashish giyoxvandlik moddasini o‘tkazish maqsadidini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda saqlashda ifodalangan jinoiy harakatlari JKning 276-moddasi 1-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb topgan.

Shu tariqa sud S.B.ni Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan BHMning 30 baravari miqdorida 11 mln 250 ming so‘m jarima jazosiga hukm qilgan. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring