Toshkentda xonadonida narkotik modda tayyorlab kelgan shaxs qo‘lga olindi
Poytaxtning Yangihayot tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi oldi olindi.
Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Sh.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv jarayonida oshxona shkafi ichida gugurt qutisiga joylangan jami 82 dona quti, shuningdek, ikkita paketda o‘simlik modda aniqlangan.
Bundan tashqari, 60 dona kichik qadoq hamda muzlatkichning pastki qismidan paketlarga o‘ralgan 10 dona qora rangli va 90 dona skotch bo‘laklariga o‘ralgan qora, shilimshiq modda topilgan. Shuningdek, ikkita paket ichida plastilinsimon, jigarrang va o‘tkir hidli modda ham aniqlangan.
Aniqlanishicha, fuqaro ushbu giyohvandlik vositalarini sotish maqsadida alohida qadoqlab, o‘z uyida tayyorlagan. Xonadon ichida to‘rt dona tarozi, shuningdek, giyohvandlik vositalarini tayyorlashda foydalanilgan qozon va cho‘mich ham ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Barcha topilmalar belgilangan tartibda hujjatlashtirilib, ichki ishlar bo‘limining navbatchilik qismiga topshirilgan. Mazkur holat yuzasidan JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu xonadondan jami 3 kilogramm 755 gramm giyohvandlik vositalari aniqlangan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 2 milliard 29 million so‘mga baholanmoqda. Natijada aholi orasida 18 ming 755 dona qadoqdagi giyohvand moddaning tarqalishiga chek qo‘yildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter