Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda uch nafar ko‘chabezorisi qo‘lga olindi

Xorazmda uch nafar ko‘chabezorisi qo‘lga olindi

Xorazm viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati hamda DXX viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Xorazm viloyati hududida yashirin va uyushgan jinoyatchilikka moyil, o‘z atrofida qonunsiz, «ko‘cha» muhitini shakllantirib, fuqarolarni qo‘rqitish va zo‘ravonlik orqali nazoratda ushlashga urinib kelgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi.

IIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 1996-yilda tug‘ilgan, Urganch tumanida yashovchi, tanishlari va yoshlar o‘rtasida «Jommi Darital» laqabi bilan tanilgan Ahmedov Jamol Maratovich Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududida, Urganch shahrida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan yigitning yo‘lini to‘sib, turli bahonalarni ro‘kach qilib, ushbu yigitni hech qanday sababsiz tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.

Jabrlanuvchining ichki ishlar organlariga qilgan murojaati bo‘yicha surishtiruv boshlangach, mushtumzo‘r bezori jabrlanuvchiga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazishga uringan. Shundan keyin Jamol Ahmedov tezkor xodimlar tomonidan ushlangan va shu yerning o‘zida uning yonlari ko‘zdan kechirilganida, og‘irligi 3 gramm bo‘lgan marixuanani qonunga xilof ravishda yonida saqlab qo‘yganligi ma’lum bo‘lgan va tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Keyingi holatda 1997-yilda tug‘ilgan, Bog‘ot tumanida yashovchi Maqsaboyev Artur Beganlik o‘g‘li (laqabi Malish) ilgari bezorilik jinoyati uchun sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib olmasdan, sportning boks turi bilan shug‘ullanib kelayotganini boshqalardan jismoniy ustunlik sifatida baholab, 18-yanvar kuni Bog‘ot tumanida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan yigitni yuzma-yuz gaplashish uchun oldiga chaqirganida kelmaganini sabab qilib, uning yashash xonadoniga borgan. Uning qarshiligiga qaramay uyiga kirib, tanasining turli joylariga urib, qasddan jarohat yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.

1991-yilda tug‘ilgan, Xiva shahrida yashovchi Farhodbekov Rasulbek Farhodbek o‘g‘li (laqabi Rasul qilich), kirakashlik bilan shug‘ullanib kelgan. U 2026-yilning 13 yanvar kuni o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Xiva—Urganch yo‘nalishida kirakashlik qiluvchi, 1984-yilda tug‘ilgan erkak boshqaruvidagi transport vositasi bilan ta’qib qilib, uning yo‘lini to‘sib to‘xtatib, avtomashinadan tushganidan keyin tanasining turli joylariga urib-tepib, qasddan jarohat yetkazgan. Bu paytda ular o‘rtasidagi janjalni to‘xtatish uchun kelgan, 1981 yilda tug‘ilgan erkakni ham «Nima uchun mening ishimga aralashasan?» degan bahona bilan yuziga qo‘li bilan bir necha marotaba urib, unga ham qasddan jarohat yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.

Uchta holatda ham o‘zidan «ko‘cha» yasab olgan mushtumzo‘r bezorilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan, Jamol Ahmedovga esa qo‘shimcha ravishda 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Yuqorida nomlari keltirilgan shaxslardan biron-bir tarzda jabrlangan fuqarolardan ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari so‘raldi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring