Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AI-92 markali benzin narxi arzonlashayotgani aytildi

AI-92 markali benzin narxi arzonlashayotgani aytildi

«O‘zbekneftgaz» AJ ma’lumot berishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-92 rusumli avtobenzin narxi bosqichma-bosqich pasaytirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, strategiya doirasida ishlab chiqarish jarayonlari optimallashtirilib, tannarxni kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunda benzin ishlab chiqarish hajmi ortib, narx kamaytirildi.

Natijada AI-92 rusumli avtobenzinning birja savdolaridagi 1 tonnasi boshlang‘ich narxi birinchi bosqichda 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushirildi. Bu esa o‘z navbatida, 1 litr AI-92 rusumidagi avtobenzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 9 400 so‘m bo‘lishini anglatadi.

Kompaniya rasmiy xabariga ko‘ra, yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari davom ettiriladi.

O‘z navbatida, iqtisodchi Otabek Bakirov yuqoridagi xabarga munosabat bildirib, kompaniya birjaga chiqarilayotgan AI-92 benzin narxini tushirmaganini, aksincha oshirganini aytmoqda.

Iqtisodchiga ko‘ra, Buxoro NQIZning AI-92 benzini narxi haqida oxirgi marta 2024-yil 18-oktyabr kuni ma’lumot bergan va unda yuqori oktanli yoqilg‘i narxi 11 538,4 ming so‘mdan sotilishi e’lon qilingan.

«O‘tgan 9 oyda monopolist birjaga chiqarilayotgan 92 benzin narxi o‘zgargani borasida boshqa ma’lumot bermagan.

Boshqacha aytganda, O‘zbekneftegaz AI-92 benzin narxini kompaniya o‘zi e’lon qilgan rasmiy xabarlarga tayansak, 11 538,4 ming so‘mdan 12 628 ming so‘mgacha, ya’ni 9,4 foizga oshiryapti. Ma’lumot uchun, 2024 yil oktyabrdan 2025 yil avgustgacha davrda brent tipidagi neft narxi o‘rtacha 82 dollardan 67 dollargacha pasaygan», – deb yozadi Bakirov.

U, shuningdek, o‘tgan hafta davomida birjada AI-92 benzin narxlari avvalgi rekordlarni yangilab, tonnasiga 13 066,4 ming so‘mga chiqqani, ya’ni oxirgi kunlarda birjada AI-92 benzin arzonlashish o‘rniga, qimmatlab borganini bildirgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring