Har yili 2 milliard 100 million kub metr suv isrof bo‘lmoqda
Qoraqalpog‘istondagi 417 ming gektar ekin yerini sug‘orishga 5 milliard 700 million kub metr suv sarflanmoqda. Yo‘qotishlar esa 38 foizni — 2 milliard 100 million kub metrni tashkil etmoqda.
To‘rtko‘ldagi «Yonbosh» kanalidan yiliga o‘tadigan 115 million kub metr suvning 44 millioni yo‘qotiladi. Kanal to‘liq betonlansa, yana 9 ming gektarga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.
Bo‘zatovdagi «Erkindaryo» kanalining 8 kilometrini betonlash hisobiga foydalaniladigan yer 3 ming gektarga ko‘payadi, 15 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. 3 ta suv inshooti va 22 ta artezian quduq barpo etilishi yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratish imkonini beradi.
Ushbu ishlarga jami 135 milliard so‘m ajratish, ikki kanalni 1 martgacha betonlash topshirildi.
To‘rtko‘l va Bo‘zatovda kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish vazifasi belgilandi.
Suv obyektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan 4,5 million dollar grant jalb qilingani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Kelasi yil bunday grantlarni 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
O‘tgan yili 30 milliard so‘m hisobiga 276 ta suv nasosi energiya tejamkoriga almashtirilib, yiliga 16 million kilovatt-soat elektr tejalmoqda. 1 aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi 59 ta, qolgan viloyatlardagi yana 200 ta nasos yangilanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter