Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi

Prezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Safarning birinchi manzili Sirdaryo tumanidagi «River Med Pharm» korxonasi bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, mazkur korxona mamlakatimizda infuzion dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizi aynan ushbu korxonaga to‘g‘ri keladi.

Bunday dori vositalari bemor hayoti uchun eng muhim tibbiy mahsulotlardan biri sanaladi. Ularni tayyorlash oddiy tabletkalar ishlab chiqarishdan ancha murakkab. Chunki bu turdagi eritmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qon tomirlariga yuboriladi. Demak, ular mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga to‘liq javob bergan holda ishlab chiqarilishi shart.

Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq bo‘lib, hozirgi kunda korxonada 750 nafar odam doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxona yiliga 135 milliard so‘mlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini ko‘rsatadi.

Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Korxona 30 million dona infuzion eritmalar, 70 million donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 million dona ko‘z-burun tomchilarini ishlab chiqaradi.

Davlat rahbariga korxona mahsulotlari va navbatdagi rejalari haqida ma’lumot berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kelgusida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari 200 xilga yetkaziladi. Bu bosqichda shisha va plastik idishlardagi in’yeksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ish o‘rinlarining soni mingtagacha oshiriladi.

Prezident shu yerda viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, yoshlar tarbiyasi va hududning kelajagiga oid muhim masalalar yuzasidan ochiq suhbat bo‘ldi. Davlatimiz rahbari odamlardagi tashabbuskorlik islohotlar samarasini oshirishda hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi.

«O‘zgarishlar, avvalo, mahallalarda sezilishi kerak. Sizlar odamlar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishingiz zarur. Hammamiz uyg‘oq va faol bo‘lsak, harakatlarimiz, olib borayotgan islohotlarimiz albatta natija beradi. Sirdaryoga katta rejalar bilan kelganmiz. Sizlarni eshitib, bamaslahat bu rejalarni amalga oshiramiz», dedi Prezident.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring