Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turizm, chorvachilik, GES va ko‘mir – Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes forumida nimalar muhokama qilinmoqda?

Turizm, chorvachilik, GES va ko‘mir – Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes forumida nimalar muhokama qilinmoqda?

Ayni vaqtda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Bishkek shahrida Qirg‘iziston — O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbir davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilinyapti. Xabar.uz muxbiri ushbu forumni yoritishda ishtirok etmoqda.

Tovar ayirboshlash

Forum davomida ma’lum qilinishicha, 2016-yildan buyon o‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida tovarayirboshlash 7 marta oshgan. Xususan, o‘tgan 2022-yilda ushbu ko‘rsatkich 543 million dollardan oshiqni tashkil etgan bo‘lsa, o‘zaro tovar ayirboshlash 2021-yilga nisbatan 21 foizga o‘sgan.

Istiqbol

Yaqin yillarda har ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada oshirish imkoniyatlari mavjud. Xususan, har ikki davlatning tashqi savdo aloqalari tahlil qilinganda O‘zbekiston tomoni boshqa davlatlardan import qilayotgan 500 million dollarlik tovarni Qirg‘izistondan olishi mumkinligi ma’lum qilindi. Shuningdek, Qirg‘iziston tomoni import qilgan 800 million dollarlik kimyo, tekstil, maishiy texnika, farmatsevtika va boshqa soha mahsulotlari O‘zbekistonda mavjud bo‘lib, tovar ayirboshlashni yanada yaxshilash imkoniyati bor.

Onlayn platforma

Har ikki davlat tadbirkorlari o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishi uchun maxsus onlayn platforma yaratilishi rejalashtirilgan. Bu platformada savdo va investitsiyaviy imkoniyatlar tahlil qilinadi va manfaatdor tomonlarning aloqa o‘rnatishiga ko‘mak ko‘rsatiladi.

Hududlararo hamkorlik

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha 2018 yildan buyon o‘ziga xos tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, har ikki davlatning chegara oldi hududlari kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va viloyatlar o‘rtasida bevosita hamkorlik mavjud. Xususan, Andijon — O‘sh, Namangan — Jalolobod va Farg‘ona — Batken viloyatlari o‘rtasidagi aloqalar ushbu tajriba istiqbolli ekanini ko‘rsatib berdi.

Endilikda nafaqat chegara oldi viloyatlari, balki ichki hududlar o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirish ham maqsad qilingan. Xususan, forum davomida Jizzax va Issiqko‘l viloyatlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga kelishib olindi. Ayniqsa bu borada har ikki viloyatning turizm sohasidagi istiqboli yuqori ekani ta’kidlandi.

Loyihalar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi, chorva, issiqxonalar texnologiyasi, tekstil, charm mahsulotlari, gidroenergetika, ko‘mir,  yo‘l-transport, turizm va boshqa bir qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsad qilingan.

Forumda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston mintaqadagi eng ochiq davlatlardan hisoblanadi. Har ikki davlatda xalqaro sayyohlik uchun ko‘plab mamlakatlarga vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilgan. Shunga mos tarzda turizm sohasidagi o‘zaro hamkorlik ham samarali bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, yo‘l-transport sohasidagi hamkorlik istiqboli haqida so‘z bordi. Ayni vaqtda O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda. Bundan tashqari, Andijon-O‘sh-Qashqar trasport yo‘li imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha loyihalar rejalashtirilgan.

Forum davomida shuningdek gidroenergetika sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratildi. Xabar qilinishicha, ayni vaqtda Qambar-Ota-1 GES qurilishi loyiha bosqichida bo‘lib, moliya imkoniyatlari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, gidroenergetika sohasida boshqa loyihalar istiqbollari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam forum doirasida 1,6 mlrd. dollarlik 10 dan ortiq hujjat imzolanishi kutilayotgani xabar qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring