Turkiya bilan energetika va geologiya sohalarida hamkorlik kuchaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Turkiyaning yetakchi «AKSA» kompaniyasi rahbari Jamil Kazanchi va «Cengiz Energy» kompaniyasi rahbari Ahmet Chingiz ham ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari, qo‘shma korxonalar soni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paymoqda.
Turkiya kompaniyalarining mamlakatimizdagi samarali faoliyati, ular bilan birgalikda umumiy quvvati 1,8 gigavatt bo‘lgan 1 milliard dollarlik zamonaviy elektr stansiyalarini qurish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani alohida ta’kidlandi.
Energetika va geologiya sohalarida, shu jumladan, zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirish, energetika uskunalarini ishlab chiqarish, taqsimlash tarmoqlarini boshqarishni takomillashtirish, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirish va soha uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter