1 million kishi ro‘yxatdan o‘tishga ulgurdi yoxud “birinchi kun effekti”
Aholi va qishloq xo‘jaligini onlayn ro‘yxatga olish tadbirining birinchi kunida foydalanuvchilar faolligi keskin oshishi natijasida tizimda vaqtinchalik texnik yuklama yuzaga kelgani xabar qilingandi.
Qayd etilishicha, bunday holat shartli ravishda “birinchi kun effekti” deb ataladi.
Mutaxassislarga ko‘ra, aholining katta qismi dastlabki kundayoq ro‘yxatdan o‘tishga intilishi sababli axborot tizimlari va serverlarga qisqa muddatli yuqori yuklama tushishi mumkin. Bu holat sayt ish tezligining vaqtinchalik pasayishi yoki platformaga kirishda qisqa muddatli texnik qiyinchiliklar bilan namoyon bo‘ladi. Shunga o‘xshash vaziyatlar AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar tajribasida ham kuzatilgan.
“Birinchi kun effekti” axborot tizimining ishdan chiqishi emas, balki oldindan prognoz qilinadigan va vaqtinchalik holat hisoblanadi. Keyingi kunlarda foydalanuvchilar faolligi bir maromda taqsimlanib, tizim ishi barqarorlashadi.
Ayni paytda server quvvatlarini oshirish va platforma barqarorligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish belgilangan muddatlarda davom etadi va har bir fuqaro o‘zi uchun qulay vaqtda onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega, — deyiladi rasmiy xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil 15 yanvar soat 15:25 holatiga census.stat.uz portali orqali 208,5 mingta xonadonda yashovchi 1 milliondan ortiq fuqaro onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Mutaxassislar “birinchi kun effekti”ning kuzatilishi yurtdoshlarimizning mazkur muhim davlat tadbiriga faol va mas’uliyat bilan yondashayotganidan dalolat berishini ta’kidlamoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter