Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi — Prezident qarori

Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi — Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri — Temuriylar Renessansi bunyodkori Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi.

Qarorda qayd etilishicha, Amir Temur milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos o‘rin tutadi. Mustaqillik yillarida ulug‘ ajdodimizning muborak nomi va boy merosi tarixiy adolat asosida qayta tiklanib, uning siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylangan.

Yubiley tadbirlari doirasida aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, mamlakat bo‘ylab ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, tashkilotlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

2030 yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish nazarda tutilgan. Jumladan, joriy yil 9–10 aprel kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi, “Temur tuzuklari” asari bir qator xorijiy tillarda ilmiy izohlar bilan nashr etiladi, nodir qo‘lyozmalar va madaniy durdonalarga bag‘ishlangan kitob-albomlar tayyorlanadi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan temuriylar davriga oid asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Yevropa mamlakatlarida namoyish etish ham rejalashtirilgan.

2026 yil 1 martdan boshlab “Buyuk temuriylar” atamasini xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy etish maqsadida xorijiy davlatlarda taqdimotlar va media tadbirlar o‘tkaziladi.

Mazkur sanaga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar yaratiladi, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalari muomalaga chiqariladi. 

Qaror ijrosi doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyini rekonstruksiya qilish, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlari ham amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring