Amir Temurning ushalmagan orzusi yoki Buxorodagi ulkan tarix
Buxoroning G‘ijduvon tuprog‘ida uzoq asrlarning sirlarini o‘zida saqlagan bir tabarruk nom bor: Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy. Bo‘z to‘quvchilikdan boshlangan yo‘l uni butun bir tariqatga asos solgan ma’rifat maktabiga olib keldi. Buyuk qadamjo, ulkan tarix bor unda. G‘ijduvondagi Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy ziyoratgohi bugun o‘tmish va yangi davr bunyodkorligini birlashtirgan muqaddas manzilga aylangan.
G‘ijduvon tuprog‘iga qadam qo‘ygan inson borki, bu zaminning oddiy hudud emasligini darhol his qiladi. Bu manzil yetti pirning muborak qadamjolaridan biri. Shu qutlug‘ maskan bag‘rida Xo‘jagon tariqatiga ulkan hissa qo‘shgan, buyuk mutasavvuf olim, sohibkaromat avliyo Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy orom topgan.
U zot 1103-yilda G‘ijduvon tumanida tavallud topib, 1179-yilda shu tumanda vafot etgan. Tasavvuf tarixida u, nafaqat, Xo‘jagon tariqatining asoschisi, balki, uning yirik nazariyotchilaridan biri sifatida ham e’tirof etiladi. Noma’lum muallif qalamiga mansub «Zikri voqioti Xo‘jaiy Jahon Abdulxoliq G‘ijduvoniy» asarida qayd etilishicha, Abdulxoliq 9 yoshida Qur’oni karimni yod olgan, 10 yoshidan darveshlar zikrida faol ishtirok etgan. Birinchi ustozi asli buxorolik bo‘lgan imom Sadriddindan tafsir ilmini o‘rgangan. 22 yoshida buyuk shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid tushgan.
Buyuk mutasavvuf butun umrini tasavvuf va so‘fiylik madaniyatiga bag‘ishlab, 5 ta asar yozgan. Tarixiy manbaalarga ko‘ra, unga «Xo‘jai jahon», «Zikr qalb sultoni», «Ikki olam Xo‘jasi», «Qutbi zamon», «Ofoqi zamon» kabi yuksak sifatlar berilgani bejiz emas.
Bo‘z to‘quvchidan chiqqan «Xo‘jai jahon»
Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniyning hayoti faqatgina tasavvuf, so‘fiylikdan iboratgina bo‘lib qolmay, u halol mehnat namunasi ham o‘rnak bo‘lgan. Hazrat bo‘z to‘qish bilan shug‘ullangan. Xo‘jagon tariqati Qur’on va hadisga tayanib, bid’at va xurofotga qarshi qat’iy kurash olib borgan, soxta piru-muridlikni rad etgan. Insonni tama’ va minnatdan qaytarib, halol mehnat bilan kun kechirishga, Alloh bergan rizqni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishga undagan.
Bo‘zchilikdan pirlikkacha bo‘lgan yo‘l uning uchun oson kechmagan. Bu yo‘l g‘oyatda qiyinchiliklar, sabr va matonat bilan bosib o‘tilgan.
Amir Temurning ushalmagan orzusi
Tarixda qayd etilishicha, Amir Temur Xitoy yurishidan qaytgach, Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharafiga madrasa va maqbara qurishni niyat qilgan. Biroq, uning bu niyati amalga oshmay qolgan. Ammo bu niyat amalga oshmay qolgan. Oradan vaqt o‘tib, nabirasi Mirzo Ulug‘bek 1433-yilda G‘ijduvon shahrida hazrat sharafiga madrasa tiklab, kutubxona va toshhammom qurdirgan. Buxoro amiri Amir Abdulloxon tomonidan esa G‘ijduvoniy sharafiga masjid, minora va hovuz barpo etilgan. Biroq, sobiq ittifoq davrida bu muqaddas maskan qarovsiz qolib, e’tibordan chetda bo‘lgan.
Qayta tirilgan masjid
2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rsatmasi asosida hazrat tavalludining 915 yilligi munosabati bilan ziyoratgohda yirik rekonstruksiya ishlari loyihalashtirilgan edi. Masjid to‘liq qayta ta’mirlandi.Qurilish va obodonlashtirish jarayonida muhim bir haqiqat, ya’ni hazrat onasining dahmasi toshlar ostida qolib ketgani oydinlashdi. Onasining dahmasi hazrat qabri yoniga ko‘chirilib, atrofi o‘rab olindi.
Pir qabri ustidagi ayvon olib tashlanib, 25 kvadrat metr hajmda, to‘rt tomoni naqshinkor darvozali hazira tiklandi. Qutlug‘ qadamjo atrofida 4 gektarli xiyobon barpo etildi, sug‘orish tizimi o‘rnatildi. Ziyoratgohning ichki 2,5 gektar hududi obodonlashtirilib, 12 ming kvadrat metr aylanma va burchakli yo‘laklarga tosh yotqizildi. Orqa tomoni 285 metrli g‘ishtin devor, old qismi esa 440 metr aylanma uzunlikdagi temir panjara bilan o‘rab chiqildi.
Bildirilishicha, maqbara oldida 4 ming kishilik jome’ masjidi barpo etilgan. Shimol, sharq va janub tomonlardan kirish darvozalari o‘rnatilgan. Restavratsiyaga muhtoj holga kelgan Ulug‘bek madrasasi va minora ham sayqallangan. Shuningdek, 50 o‘rinli oshxona, tahoratxona va kushxonalar yangidan qurilgan.
Ma’lum qilinishicha, Abdulxoliq G‘ijduvoniy qabri ilgari Abdulazizxon davrida hazira bilan o‘rab olingan bo‘lgan. Ammo, o‘tgan asrning 70-yillarida bu devorlar buzib tashlangan. Buxorodagi yetti pir ziyoratgohlari devor bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, faqat Abdulxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi ochiq qolgan edi.
2019 yil mart oyida bunyodkorlik ishlari yakunlanib, ziyoratgoh go‘zal va betakror ko‘rinishda ziyoratchilarga topshirilgan.
Yangi davr, yangi nafas
- 2025 yil 1 aprelda qabul qilingan «Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, mamlakat bo‘ylab 16 ta shahar va tumanni kompleks rivojlantirish belgilandi. Ular qatorida Buxoro viloyatining tadbirkor va hunarmandlar yurti sifatida nom qozongan G‘ijduvon tumani ham bor. Qaror ijrosi doirasida tumanda 30 dan ortiq yirik va o‘rta loyihalar shakllantirildi. Xususan, Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi bilan uyg‘un holda «G‘ijduvon qo‘rg‘oni»ni qayta tiklash, «Qo‘rg‘on» va «Chorsu» mahallalari negizida turizm mahallasini tashkil etish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Milliy an’analar, tarixiy me’morchilik va zamonaviy infratuzilma uyg‘unligini ta’minlovchi maxsus loyiha ishlab chiqildi,-deydi bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan G‘ijduvon tumani hokimi Farhod Umarov.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda G‘ijduvoniy mahallasida tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari to‘liq yangilangan. Ichki ko‘chalarga toshlar yotqizilgan. Qadimiy darvozalar ham qayta tiklangan. Devorlar, hunarmandchilik markazi va savdo-turizm ob’yektlari rekonstruksiya qilingan.
- Xalqaro ekspertlar hamda O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti boshchiligida XIX asrga oid «Bozori qaymoq», «Boloyi qassobon», «Boborahimboy» masjidlari, XVI asrga mansub «Eski tosh hammom»da ta’mirlash va tiklash ishlari yakunlandi. Bu ishlar tumanning turistik jozibadorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, yangilanish va taraqqiyot jarayonlari odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, tinch va farovon hayotga bo‘lgan shukronalik tuyg‘usini kuchaytirmoqda,-deydi tuman hokimi.
G‘ijduvon bugun ham katta tarix. O‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi tirik ko‘prik. Bu ko‘prikning tayanchi esa halol mehnat, ma’rifat va ruhiy poklikni targ‘ib etgan ulug‘ pir Xo‘ja Abduholiq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy nomidir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter