Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijon. Jurnalist hokimning «panjasiga panja» urdi. Keyin-chi?..

Andijon. Jurnalist hokimning «panjasiga panja» urdi. Keyin-chi?..

Illyustrativ foto

«Andijonnoma» gazetasining 2019-yil 2-mart sonida taniqli jurnalist Qobiljon Asqarov qalamiga mansub «O‘zi xon, ko‘lankasi maydonmi?» sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgandi.

Maqola Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning shaxsi va rahbarlik salohiyatiga o‘ziga xos «chizgi bo‘lib», pishiq-puxta, tahlillarga boyligi, eng muhimi, tanqidiy maqola yozishga ishqiboz hamkasblar uchun namuna qilgudek darajada ekani sabab uni e’lon qilgandik.

Tanqid  kimga yoqibdiki, «rahmat», deya muallifning peshonasidan cho‘lpillatib o‘psa?! Xullas, voqealar rivoji kutilganidek bo‘ldi. Hokim jurnalistga qo‘shib, tahririyatni ham sudga berdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Andijon tumanlararo sudida hokimning «Maqolani qonun talablariga zid deb topish va (tahririyatga) raddiya chop etish majburiyatini yuklash haqida»gi o‘n to‘qqiz (!) banddan iborat da’vosi uzo-oq ko‘rildi. Natijada da’vo qisman qanoatlantirilib, «Andijonnoma» gazetasi tahririyatiga raddiya chop etish majburiyati yuklash haqida hal qiluv qarori chiqarildi.

Turgan gap: asablar qaqshadi, sillalar quridi, biroq ortga chekinilgani yo‘q: hal qiluv qaroriga nisbatan tegishli tartibda shikoyat berildi.

Bugun, 9-yanvar kuni mazkur fuqarolik ishi bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarori FIB Andijon viloyat sudida kassatsiya tartibida ko‘rib chiqildi. Natija chakkimas: sudlov hay’ati o‘n to‘qqiz banddan iborat da’voning o‘n sakkkiztasini (!) asossiz, deb topdi! Bu — jurnalist maqolani osmondan olib yozmagani, o‘zi qalamga olgan holatlarni isbotlab berganini anglatadi.

G‘alaba!

Zero, hokimlarning aytgani — aytgan, degani — degan bo‘lib, hatto  jurnalistmi-blogermi — farqi yo‘q, «janozasini o‘qish»gacha «fatvo» berishayotgan bugungi kunda muxbir yoki tahririyatning sudda amaldorni yutib chiqishi hazilakam gap emas. Yana deng, «O‘zi xon, ko‘lankasi maydon» hokim ustidan...

Darvoqe, maqolada «o‘zining ismi-sharifini oshkor etmagan faxriylardan biri»ga tayanilib, tuman hokimi U.Isomiddinov  «ozodalik, sog‘lom turmush tarzi»ga qattiq rioya etishi bois ko‘rishmoqchi bo‘lgan kishiga: «Qo‘lingni tort! Qachon yuvgansan? Sovunni bilasanmi?» deya so‘roqqa tutishi» iztehzo bilan qayd etilgandi. Sudda ayni holatni isbotlash imkoniyati bo‘lmadi. Buning uchun o‘sha «o‘z ismi-sharifini oshkor etmagan faxriy»ni sudga chaqirish talab etilardiki, muallif nuroniyning nomini oshkor qilishdan ko‘ra, sukutni ravo ko‘rdi.

Sirasini aytsak, yoshi bir joyga borgan odamni sudma-sud sudrashdan uni ortiqcha bezovta qilmaslikni ma’qul ko‘rish yomon xislat emas, aslida. Qolaversa, amaldorning «ozodalik, sog‘lom turmush tarziga qattiq rioya etishi» — uning shaxsiy xususiyati.

Maqolada esa asosiy gap hokimning rahbarlik faoliyatida haqida borganini eslatish ortiqchalik qilmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring