Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijon. Qurilishdagi «qirilishlar». Yoki o‘rtada «begona» yo‘q

Andijon. Qurilishdagi «qirilishlar». Yoki o‘rtada «begona» yo‘q

Illyustrativ foto

Bir muddat ilgari davlat rahbari qurilish tizimidagi muammolar tahliliga bag‘ishlangan yig‘inda hududlardagi barcha qurilishlar yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlariga topshirib qo‘yilgani ko‘rsatkichlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini keskin tanqid qildi. Bosh prokuror esa shu yil 11-may kuni Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida 2019-yilgi qurilishlarda 75 milliard so‘mlik o‘g‘riliklar aniqlangani xususida ma’lumot berdi. Aytilmoqdaki, bunday og‘riqli jihatlarning asosiy omili tizimning ochiq va shaffof emasligida. Mazkur ­satrlar orqali jamoatchilikka havola etilayotgan muammoning ildizi ham ayni shu masalaga tutash. Avvaliga Olot va Qorako‘ldagi voqeliklar, keyin esa Sardoba fojiasi sabab qurilish tizimidagi muammolar xususida gapirmagan odam qolmadi hisob. Muhokamalarda e’tirozlarning eng kattasi sohadagi korrupsiya va sifat masalasiga qaratilayotgani sir emas.

1

2018-yili Asaka tumanidagi 42-maktab binosi «Obod qishloq» dasturiga tushdi. Mukammal ta’mirlash yumushlari uchun mahalliy budjetdan oz emas, naqd 1 milliard 383 million so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Bilasiz, bunday katta loyiha pudratchiga shunchaki qo‘shqo‘llab tutqazib qo‘yilmaydi. Buning uchun «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi e’lon qilgan tenderda qatnashib, qator chig‘iriqlardan o‘tmoq, boshqa talabgorlardan ustun ekaningni isbotlamoq darkor.

Nazarda tutilayotgan tanlovda bayroq andijonlik Muhammadjon Ne’matov yetakchilik qiladigan «Ekin-tikinlik quruvchi» ­mas’uliyati cheklangan jamiyatida ketdi. 2018-yil 25-iyun kuni ikki o‘rtada shartnoma tuzildi, uch kundan so‘ng pudratchining hisob raqamiga buyurtmachi tomonidan 207 million 450 ming so‘m bo‘nak puli o‘tkazib berildi va ishlar boshlandi.

2

Ammo saratonning o‘rtasida — qurilish jarayoni avjiga chiqqan kunlari Muhammadjon Ne’matovga darhol ob’yektni bo‘shatib chiqib ketishi hamda shartnoma bekor qilinishi haqida kompaniya rahbariyatidan «duoyi salom» kelsami?! «Elchi»ning aytishicha, qurilishni kelgan joyidan davom ettirish uchun boshqa salohiyatli pudratchiga berish haqida qaror qilinibdi.

Muhammadjon Ne’matovning birinchi savoli shu bo‘ldi: «Nima uchun?».

Sababi, ishlar juda sekin ketayotgan bo‘lib, e’tirozda bildirishicha, bu ahvolda qurilish 1 sentyabrgacha yakunlanmas ekan! «Iyun oyida 434 million so‘mlik dastlabki ishlar bajarilishi kerak edi. Pud­ratchi degani shunaqayam sustkash bo‘ladimi? Bu ahvolda maktab qachon bitadi?» deya darg‘azab bo‘libdi buyurtmachi. Xabar ohangi, tabiiyki, quruvchiga yoqmadi: o‘zi hisobimizga oyning oxirida pul o‘tkazilgan bo‘lsa… To‘rt kun ichida 434 million so‘mlik ish bajarib bo‘lmasligi nodongayam ayon-ku?! Ijrochidan muddat va sifat talab qilishni bilgan rahbar avval shart-sharoit yaratib, majburiyatlarini to‘la-to‘kis ado etsin, ana undan keyin gaplashaylik, xo‘pmi?

3

Buyurtmachining salomiga javoban quruvchining haq-huquqini talab qilishi, boz ustiga, bunday «betgachoparligi»dan kompaniya rahbari Muhiddin Qodirov «Senimi, shoshmay tur! Bir adabingni bermasammi?» deb ko‘ngliga tukkan bo‘lsa, ajabmas. Chunki «Yagona buyurtmachi xizmati» mutasaddilarining keyingi barcha sa’y-harakatlari quruvchiga sharoit yaratilib, ta’mir jarayonini tezlatish emas, balki nima qilib bo‘lsa-da, Muhammadjon Ne’matovni ob’yektdan chetlatishga qaratildi-da! Avvaliga quruvchi sudga berildi. Sudda «delo»ning bir urinishdayoq «sinishi» ehtimoli katta ekanini da’vogarning o‘zi ham oldindan sezib-bilib turardi. Chunki ob’yekt­­da qurilish-ta’mirlash jarayoni to‘xtamagandi-da.

Shunga qaramay, buyurtmachi to da’vo ish yurituviga qabul qilinib, dastlabki sud majlisi tayinlangunga qadar pudratchini «yer tishlatadigan» dalillar yig‘ishga kirishdi. Eng asosiy «dalil»ni esa kompaniya texnik nazoratchisi G‘ulom Sharopov yaratib berdi go‘yo. Ya’nikim, G‘ulom Sharopov maktabga «yotvolib» quruvchilarning har bir ishini peshma-pesh g‘alvirdan o‘tkazayotgan kunlarning birida uning o‘g‘li Oybek Abdusalomov ham ayni masalada otasiga «yordamlashib» yuboradi. Bir gal o‘zi yetmaganday, ob’yektga to‘rt-besh nafar hamtovoqlarini ham boshlab keladi. Tabiiyki, tashqaridan begona odamlarning quruvchilarning ishiga aralashishi pudratchi korxona rahbariyatiga ham, ishchilariga ham yoqmaydi. Pudratchining o‘g‘li (ayni vaqtda «Ekin-tikinlik quruvchi» MChJ ish yurituvchisi) Olimxon Ne’matov hamda Oybek Abdusalomovlar o‘rtasida gap qochadi. Mojaroga O.Abdusalomovning og‘aynilaridan biri aralashib, O.Ne’matovga tan jarohati yetkaziladi…

Pudratchining faoliyatiga buyurtmachi kompaniyaning texnik nazoratchisi qolib, uning o‘g‘li ham «burun suqib» asablarni egovlab tursa, kamiga MChJ ish yurituvchisiga qo‘l ko‘tarishgacha borishsa, ishlab bo‘ladimi bunday sharoitda? Albatta, yo‘q. Dahanaki janjallar oqibati kattaroq ko‘ngilsizlarga sabab bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi axir. Boz ustiga, ichki ishlar bo‘limining profilaktika inspektorlari «Tez yordam» yoki o‘t o‘chirish guruhi kabi muammoga tezkor nuqta qo‘ya olmaydiki, to aybdor kim-u jabrdiyda kimligiga aniqlik kiritilib, holatga huquqiy baho berilguncha vaqt suvday oqib ketadi. Muhammadjon Ne’matov texnik nazoratchi, uning o‘g‘li va hamtovoqlari ishtirokida yuzaga kelgan mojaroga nuqta ­qo‘yilmaguncha ishida na unum, na halovat bo‘lishini anglab yetib, qo‘l ostidagi ustalarga topshiriq qildi: «Yigitlar, ikki-uch kun qurilishni to‘xtatib turamiz!» O‘zi esa uch kun davomida advokat yollab, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga shikoyat bitdi.

4

«Ekin-tikinlik quruvchi» MChJ rahbarining bu qarori buyurtmachi uchun ayni muddao bo‘ldi: «ana, ob’yektni tashlab chiqib ketdi!» Reja xamirdan qil sug‘urgandek oson kechganidan foydalanib, qurilish jarayonini kelgan joyidan davom ettirish uchun maktabga «Monolit stroy lyuks» MChJ quruvchilari kiritib qo‘yildi. «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi hamda «Ekin-tikinlik quruvchi» MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma sudda bekor qilinmay turib, qiymati 1 milliard so‘mdan ziyod loyihaning hech qanday hujjat-bitimsiz, yashin tezligida boshqa firmaga qo‘sh-qo‘llab tutqazilganligi siri hademay ayon bo‘ldi. «Salohiyatli pudratchi» deya e’tirof etilgan «Monolit stroy lyuks» MChJ buyurtmachiga begona emas — texnik nazoratchi lavozimida ishlovchi G‘ulom Sharopovning o‘g‘li Oybek Abdusalomovga tegishli ekan! Qoyilmisiz?

M.Ne’matov tomonidan olib borilayotgan qurilish jarayoniga texnik nazoratchi hamda uning o‘g‘li to‘xtovsiz xalaqit berib, ishning beliga tepishgani sababini tushundingiz-a?

5

Yuqorida kompaniya «Ekin-tikinlik quruvchi» MChJni sudga bergani haqida so‘z ochgandik. Yakun nima bo‘ldi, deyayotgandirsiz? Andijon tumanlararo iqtisodiy sudida (sudya H.Mamarasulov) kompaniya keltirgan da’volarning tagi puchligi isbotlab qo‘yildi. Sud (2018-yil 31-oktyabr) o‘rtada tuzilgan pud­rat shartnomasini bekor qilish talabini ko‘rmay qoldirdi. Shu bilan birga, da’voning asosiy qarz (kompaniya tomonidan quruvchiga o‘tkazilgan bo‘nak puli nazarda tutilyapti) hamda 30 million 394 ming so‘m penya undirish talabini qanoatlantirish rad etildi. Mazkur hal qiluv qarori keyinchalik apellyasiya bosqichida kuchda qoldirildi. Bu vaqtda esa kompaniya rahbari-yu nazoratchisi murod-maqsadiga yetishgan, qurilish jarayoni o‘zlariga daxldor firma tomonidan noqonuniy ravishda yakuniga yetkazilib, budjetdan ajratilgan mablag‘lar allaqachon o‘zlashtirib bo‘lingandi. Biroq so‘z borayotgan loyihaga yo‘naltirilgan pul milliard so‘m ustida — ertaga «kov-kov» qilinsa, oqibati yaxshilikka olib kelmasligi tayin — nima qilib bo‘lsa ham shartnoma bilan rasmiylashtirish zarur. Shartnoma esa bitta – «Ekin-tikinlik quruvchi» bilan tuzilgan.

Shu sabab buyurtmachi mazkur pudrat tashkiloti ustidan tag‘in Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo kiritdi: «… javobgar bilan 2018-yil 25-iyunda tuzilgan pudrat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishingizni so‘raymiz». Mazkur da’vo 2018-yil 13-dekabr kuni sudya Sh.Mirzayev raisligida o‘tgan sud majlisida qanoatlantirildi. Keyinchalik apellyasiya hay’ati a’zolari ham (2019-yil 26-fevral) hamkasbining qarorini ma’qullashdi. Nega? Hal qiluv qarorida qayd etilishicha, javobgar Muhammadjon Ne’matov majburiyatlarini bajarishdan bir tomonlama bosh tortib, 2018-yil 17-iyulda qurilish ob’yektini tashlab chiqib ketibdi va qurilish ishlarini davom ettirmabdi. Qaror mazmuni shuki, «o‘rtada shartnoma bekor qilinmaganmi, demak, texnik nazoratchi senga har qancha xalaqit bersa-da, ob’yektdan ketmasliging kerak edi».

To‘g‘ri, shartnoma bugungacha kuchida edi. ­­M.Ne’matov ob’yektdan chiqib ketgani (shunga majbur bo‘lgani) ham rost. Ammo texnik nazoratchiga qo‘shilib o‘g‘li ham ob’yektga kirib, g‘alva chiqarib, ishlagani kun bermagani-chi? Ne’matovning o‘rniga ota-bola quruvchilar ob’yektga kirib olgani-chi? Axir, kompaniya rahbariyati «muruvvat» ko‘rsatmasa, bunday xatti-harakatga kim ham jur’at qila olardi?! Bu masalalar endi iqtisodiy sudda ko‘riladigan mavzu emas: ichki ishlar idoralari va prokuratura…

6

Savol tug‘ilishi mumkin: M.Ne’matov sudda yutqazib, shartnomasi bekor qilinibdi, buni bildik, maktab ham allaqachon bitib ketgan, hadeb kovlayvermasdan, o‘tgan ishga salavot, deb qo‘ysa bo‘lmaydimi? Yugurgani bilan nimaga erishadi? Bir qarashda savolda mantiq borday: quruvchi nimani xohlayapti o‘zi? Gap shundaki, Muhammadjon Ne’matov garchi 2018-yil 17-iyul kuni ob’yektni tashlab chiqib ketgan bo‘lsa-da, ayni sanaga qadar — 20 kundan ziyod qo‘l ostida ellikka yaqin usta-quruvchilarni ishlatgan. Ularning ish haqi esa, yuqoridagi mojarolar sabab, shu kunga qadar «tuya go‘shti yeb» yotibdi. Aytishga oson, ammo ellik kishining salkam bir oylik o‘rtacha ish haqini hisob-kitob qilib ko‘ring…

7

Darvoqe, «Ekin-tikinlik quruvchi» MChJ bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish yuzasidan ko‘rilgan nizo (2018-yil 13-dekabr) sudya Shoyadbek Mirzayevni ham mutassir qilgan chog‘i, shu kuniyoq Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, tanlov komissiyasi raisi Ibrohimjon Xolmatovga «hoy, sal u yoq-bu yoqqa qaranglar-yey!» degan mazmunda taqdimnoma yo‘llaydi.

Jumladan, sud raisi tanlovga tayyorgarlik ko‘rish, hujjatlarni rasmiylashtirish, texnik nazoratni ta’minlash borasida juda ko‘p xato-kamchiliklar ko‘zga tashlanganligi qayd etilib, ayni masalada hokimlik tomonidan barcha tadbirkorlarga teng imkoniyat yaratib berilmayotganligini pisanda qiladi. Chindanam taajjubli-da: zikr etilayotgan loyiha kompaniya tomonidan go‘yoki elning ko‘zi oldida «mana, ko‘rib qo‘yinglar, biz pudratchilarni shaffoflik asosida aniqlaymiz», deya tanlovning haqiqiy g‘olibiga berilgan bo‘lsa-da, mutasaddilarda «Ekin-tikinlik quruvchi»ni burchakka qisib, maydondan siqib chiqarish bo‘yicha «ssenariy» avval-boshdanoq tayyorlangani sezilib turibdi.

Takror aytamiz: buyurtmachi quruvchiga shartnomani pesh qilib, iyun (!) oyida 434 million so‘mlik ish bajarishing kerak edi, deb yoqasidan olyapti. Holbuki, shartnoma 25-iyunda (!) imzolanyapti, bo‘nak puli esa quruvchining hisob raqamiga 28-iyun (!) kuni o‘tkazilyapti. Qurilishga ruxsatnoma esa 11-iyul (!) kuni berilyapti. So‘ngra «bos-ha, bos!» deya pudratchining boshida qamchi o‘ynatib, «eplolmading!» degan bahona bilan ob’yekt qurilishi imi-jimida o‘zlariga qarashli korxonaga tuhfa qilinyapti. Bu ssenariy bo‘lmay, nima? Ta’na-yu malomatlarimiz asossiz bo‘lsa, ayting!

Ammo prokuratura va sud organlarida ayni holatga xolis baho beradigan qonun peshvolari topilsa, qani? Muhammadjon Ne’matov «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi hamda «Monolit stroy lyuks» MChJ mutasaddilarining xatti-harakatlari ustidan, ikki yildirki, huquq idoralariga tinimsiz yozyapti. Javoblar bir xil: «…jinoyat alomatlari topilmadi!»

Ayni holat, ta’bir joiz bo‘lsa, no‘noq shifokor yurak xastaligiga oshqozon og‘rig‘i deb tashxis qo‘ygandek gap.

Negaki, masala yuzasidan asosiy e’tibor texnik nazoratchi hamda pudratchining o‘g‘illari o‘rtasida yuzaga kelgan dahanaki jangga qaratilyapti-yu, eng muhim masala — shartnoma asosida qurilish olib borayotgan tadbirkorni ko‘chaga quvishga bosh qo‘shib, uning o‘rniga «tayyor oshga bakovul» bo‘lganlar, bunga «fatvo» bergan kompaniya mutasaddilarining hech yo‘g‘i «burniga chertib qo‘yish» biror kimning xayoliga kelmayapti. Gap mahalliy budjetdan ajratilgan milliardlab mablag‘lar ustida borayotgan ekan, uni tasarruf qilayotgan xususiy korxona rahbarini otasi davlat nomidan nazorat qilishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

«Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasining davlat manfaatlari bilan shaxsiy manfaatlarni aralashtirib yuborgan mutasaddilarining javobgarlik masalasi hal etilishi o‘rniga nega suvdan quruq chiqarilyapti? Bu kabi savollarga asosli javob topilib, zikr etilgan holatlar qonun qarichi bilan o‘lchanmaguncha maqolaga nuqta qo‘ymay turamiz, chog‘i…

Nurillo NO‘MONOV,
jurnalist

Manba: ishonch.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring