Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Beshinchi qavatdan tushib ketgan bola takroriy tekshiruvdan o‘tkazildi

Beshinchi qavatdan tushib ketgan bola takroriy tekshiruvdan o‘tkazildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Joriy yil 14 yanvar kuni soat 16:00 atrofida Toshkent shahri Olmazor tumani 3-Beruniy dahasidagi besh qavatli uyning beshinchi qavatida uch yosh 11 oylik bola osilib qolgani va pastga tushib ketgani aks etgan videoxabar yuzasidan avval ma’lumot berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylangan ushbu jarayonda bola uyda yolg‘iz qolganligi sababli o‘ynab, derazadan chiqib ketgan, lekin u aholi tomonidan pastda adyol tutib ushlab qolingan.

Bugun Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Bolalar majmuasida malakali shifokorlar tomonidan beshinchi qavatdan tushib ketgan bolani takroriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berib o‘tdi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bola og‘ir jarohat olmaganligi va ahvoli yaxshi ekani yana bir bor tasdiqlandi.

– Ushbu kutilmagan holatdan hali ham shokdaman, – deydi bolaning onasi . – Farzandim shamollagani uchun bir muddatga uyda qoldirib, boshqa bolamni maktabdan olib kelish uchun chiqqandim. Shu orada, falokat oyoq ostida deganlaridek, bu voqea bo‘lib turibdi. Qo‘shni va shifokorlardan bolamning hayotini asrab qolishdagi beminnat yordami uchun juda ham minnatdorman.

Eslatib o‘tamiz, ushbu voqea yuzasidan 14 yanvar kuni soat 16:18 da chaqiruv bo‘lgan. Tez tibbiy yordam mashinasi 7 daqiqada yetib borgan. Birinchi yordam voqea joyida ko‘rsatilib, zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan hamda malakali shifokorlar tomonidan unga sifatli davo choralari qo‘llanilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring