5 milliondan ortiq futbol muxlisi Argentinani JChdan chetlatish talabi bilan petitsiya imzoladi
Jahon chempionati muxlislari Xalqaro futbol federatsiyasini (FIFA) Argentinaga yon bosishda ayblab, jamoani turnirdan chetlatish talabi bilan petitsiya imzolashdi.
Gap shundaki, Argentina terma jamoasi chorak finalda Shveysariyaga qarshi maydonga tushib, g‘alabaga erishdi. Uchrashuv davomida shveysariyalik hujumchi Brel Embolo ikkita sariq kartochka olib, maydondan chetlatildi. Dastlab hakam ogohlantirishni argentinalik Leandro Paredesga bergan bo‘lsa, VAR tekshiruvidan so‘ng qarorini o‘zgartirgan.
Shuningdek, Argentina va Misr o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvida ham VAR yordamida misrliklarning goli bekor qilingani muxlislar noroziligiga sabab bo‘ldi.
Petitsiya mualliflari FIFA va hakamlar Lionel Messi hamda Argentina terma jamoasiga nisbatan xolis emasligini ta’kidlab, jamoani jahon chempionatidan chetlatishni talab qilmoqda.
«FIFA va hakamlar Lionel Messi hamda Argentina terma jamoasiga nisbatan ochiqchasiga tarafkashlik qilyapti. Agar g‘olib allaqachon belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, qolgan jamoalar nega musobaqalashishi kerak? Argentinani Jahon chempionatidan chetlashtiring va qolgan barcha jamoalarga adolatli imkoniyat bering», — deyilgan petitsiya izohida.
argentinaout.com saytida joylashtirilgan petitsiyani hozirga qadar 5 mlndan ortiq kishi imzolagan.
Ta’kidlash joizki, ushbu petitsiya shunchaki muxlislar noroziligini ifodalaydi, chempionat natijalariga esa hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi.
Argentina terma jamoasi yarim finalda 15 iyul kuni Atlantada Angliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter