Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Daryoning ikki qirg‘og‘idagilar

Daryoning ikki qirg‘og‘idagilar

Bugun, 28-may kuni Toshkentdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida «OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkazildi.

Unda qator masalalar, jumladan, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi haqida gap bordi.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri konferensiya ishtirokchilari, shuningdek, ushbu o‘zgarishlarga daxldor mutaxassis va jurnalistlar fikri bilan qiziqdi:


Beruniy Alimov,
bloger, tarjimon, sobiq diplomat,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD:

Hatto vazirliklarning ham axborot xizmatlari talabga javob bermaydi

Bugungi konferensiyaning menga yoqqan jihati — u daryoning ikki tarafidagi odamlarni uchrashtirdi. Uning bir qirg‘og‘ida jurnalistlar bo‘lsa, ikkinchisida axborot xizmatlari vakillari yurardi. Ko‘tarilayotgan masala, o‘ylaymanki, ularni birlashtiradi, o‘zaro aloqalari samarasini oshiradi.

Men uchun yana bir yangilik: Jurnalistlarning kasb etikasi kodeksi ishlab chiqilayotgani bo‘ldi. Bu haqda ekspertlar ma’lumot berishdi. Odatda ko‘p maqtanamiz, bizda 10dan ziyod OAV qonunchiligi bor deb, lekin kodeks bundan kuchliroq bo‘lishi kerak. Chunki uni jurnalistlarning o‘zlari ishlab chiqishadi, ekspertlar emas. Shuning uchun xorijda qonunlarga nisbatan kodeks kuchliroq hisoblanadi. Biz shu paytgacha nega uni qabul qilmadik, gapning ochig‘i, tushuna olmayman. Bugun konferensiya bahonasida bildimki, kodeks qabul qilinishi arafasida ekan.

Konferensiya ishiga yuqori baho bergan bo‘lardim. Chunki unda natijalardan ko‘ra, muammolar haqida ko‘proq gapirildi. O‘zim ham bir qancha idora va tashkilotlarda matbuot xizmatida ishlaganman. Shuning uchun gaplarim kimgadir yoqar, kimgadir yoqmas: ammo hozirda hatto aksariyat vazirliklarning ham axborot xizmatlari talabga javob bermaydi. Viloyatlarniku aytmasa ham bo‘ladi. Ayrim viloyat hokimliklari saytiga kuniga 70-80ta odam kiradi, xolos. Shunaqa sayt, shunaqa axborot xizmati kerakmi hozir? Shuning uchun bu masala tubdan qayta ko‘rib chiqilayotgani quvonarli hol.


Husniddin Berdiyev,
«Oila davrasida» gazetasi bosh muharriri:

Axborot xizmatlari ishi faqat press-reliz tayyorlash emas

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘tkazilgan «OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzuidagi respublika konferensiyasida ishtirok etib bir qator fikrlar xayolimdan o‘tdi.

Avvalo, konferensiyada qayd etilganidek, bugun milliy qonunchiligimizda ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq kamchiliklar, qator bo‘shliqlar borligi kunday ravshan. Ommaviy axborot vositalarining tashkiliy-huquqiy shaklidan tortib, muassislar bilan munosabatlar, muassis majburiyatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan jurnalistning axborot olishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik masalasigacha – ko‘plab me’yorlarni aniqlashtirish zurur.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, buning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida ko‘tarilayotgan masalalar ko‘plab jurnalistlarni, ommaviy axborot vositalari xodimlarini xursand qilgan bo‘lsa kerak. Boisi biz yillar davomida oddiy bir material (tanqidiy u yoqda tursin) tayyorlash maqsadida bir tashkilotdan ma’lumot olishda katta to‘siqlarga uchrab keldik. Rasmiy xat jo‘natish, xat esa kanselyariyadan – tegishli rahbarga, rahbardan – o‘rinbosarga, o‘rinbosardan – ijrochiga tushishini, keyin esa ijrochi tayyorlagan hisobot shaklidagi bir ma’lumot (shunda ham umumiy gaplardan nariga o‘tilmagan) yana shu yo‘nalishda rahbargacha borib, uning tasdig‘idan o‘tgandan so‘nggina pochta orqali bizga kelishi kabi uzundan-uzun jarayon ko‘pchilik hamkasblarimizga yaxshi tanish. So‘nggi yillarda davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil hayotga tatbiq etila boshlangach davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining matbuot bilan ishlash uslubida ham ancha-muncha o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti. Biroq hali ham bu yo‘nalishda dolzarb bo‘lib turgan masalalar talaygina.

Avvalo, axborot xizmatlari nafaqat o‘z tashkiloti haqida press-reliz yoki boshqa ma’lumot tayyorlab matbuotga uzatish, balki ushbu tashkilot imiji uchun ham mas’ul ekanligini anglab yetishi zarur. Misol uchun, gazeta yoki internet nashrda biror bir tashkilot faoliyati haqida tanqidiy material chiqsa, birinchi navbatda bu materialni kim yozgan, nega yozgan kabi savollarni surishtirish o‘rniga, o‘sha materialga tezkor munosabat bildirilsa, aytilgan kamchiliklarni to‘g‘rilash borasida qanday ishlar boshlangani aytilsa, bu birinchi galda o‘sha tashkilotning obro‘si oshishiga xizmat qilmaydimi? Albatta, buning uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyatini kafolatlaydigan me’yoriy hujjatlar kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Konferensiya davomida shunga amin bo‘ldim: oshkoralik va demokratik tamoyillarni ommaviy axborot vositalarida chinakamiga tatbiq etish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak ekan. Bu davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning axborot xizmatlari faoliyatiga, jurnalistlarning huquq va manfaatlari qanchalik himoyalanganiga, o‘z navbatida, ommaviy axborot vositalari xodimlarining bilimi, saviyasi va salohiyatiga bevosita bog‘liq. Xursand qiladigan tomoni mana shu dolzarb vazifalar yechimi sari qadam qo‘yilayotganidir.


Bahriddin Shayvaliyev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
Axborot xizmati bosh mutaxassisi:

Axborot xizmatlari ishi qiyinlashib boraveradi

Hozirda keng muhokama qilinayotgan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasida aytish mumkin bo‘lsa, matbuot kotiblarining necha yillik «og‘riqli nuqta»lari o‘z yechimini topgan.

Bugun istalgan davlat boshqaruv organi o‘z yo‘nalishida jamiyat hayotiga oid har qanday muhim qarorni jamoatchilik fikrini inobatga olmasdan qabul qilolmaydi. Ommada tashkilotga nisbatan ijobiy fikrini uyg‘otish uchun esa axborot xizmati ter to‘kishi kerak.

Qolaversa, bugungi o‘zbek axborot makonida yangi tendensiyalar shakllanmoqda, internet va ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi, xabar uzatishdagi o‘ziga xos poyga axborot xizmatlarini ishlashga majbur qilmoqda. Jarangdor sarlavhalar qo‘yish va noma’lum manbalarga tayanib birrovlik sensatsion axborot uzatish odat tusiga kirgan bir paytda, matbuot kotibiga havas qilib bo‘lmaydi.

Axborotlashayotgan jamiyat axborot xizmatlari oldiga yangi vazifalar qo‘yayotgan pallada ularga munosib sharoit yaratib berish adolatdan bo‘ladi. Mazkur qarorning qabul qilinishi axborot xizmatlari ishini to‘laqonli tashkil etishga yordam beradi.

Endi OAVning barcha turi bilan birdek hamkorlik qilish, ularning so‘roviga o‘z vaqtida javob berish, internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lish, e’lon qilinayotgan xabarlarga tezkor munosabat bildirish matbuot kotibi tashabbusi emas, balki uning kundalik vazifasiga aylanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring