Endi madaniy boyliklar qiymati baholanadi
O‘zbekistonda madaniy boyliklarni baholash tartibi rasman joriy etildi. Adliya vazirligi tomonidan tegishli normativ hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjatga muvofiq, Yagona milliy baholash standartiga qo‘shimcha sifatida 16-son «Madaniy boyliklar qiymatini baholash» milliy standarti qabul qilindi. Bu orqali ilk bor madaniy ahamiyatga ega ob’yektlarning qiymatini aniqlashning yagona tartibi belgilandi.
Standart doirasida milliy, tarixiy, badiiy va ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘char boyliklar, jumladan tasviriy va amaliy san’at asarlari baholanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, madaniy boyliklarni baholash uchta asosiy yondashuv — qiyosiy, daromad va xarajat usullari orqali amalga oshiriladi. Bunda har bir ob’yektning xususiyati, bozordagi o‘rni va ehtimoliy iqtisodiy qiymati inobatga olinadi.
Shuningdek, baholashdan oldin ob’yektning madaniy boylik ekanligi san’atshunos ekspert xulosasi bilan tasdiqlanishi shart. Jumladan, ularni sotish, sotib olish, garovga qo‘yish va sug‘urta qilish jarayonlarida aniq qiymat belgilash imkoniyati yaratiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter