Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gavhar ko‘zli zirak yoxud oramizdagi olijanob odamlar haqida

Gavhar ko‘zli zirak yoxud oramizdagi olijanob odamlar haqida

foto:freepik.com

G‘aflat va jaholat uyqusida birovning hisobiga boyib qolish ilinjida yashayotgan odamlar bor oramizda, ularning  kunlari va tunlari kepak bahosida, arzon-garov.

Kishilarni xushnud qiladigan narsa oltinu javohir emas, ular odamlarning hayot kechirishi uchun bir vosita xolos. Sog‘liqni, umrni, vaqtni, oromni, rohatni boy berib topilgan pul va mol-davlatlari egalariga vafo qilmaganligi to‘g‘risida kitoblarda o‘qigandim, kinolarda ko‘rgandim. Endi uni dugonamning vafoti timsolida o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turgandim. Dugonamning vafotidan so‘ng uzoq o‘yladim. Tillo, brilliant taqinchoqlarning naqadar ayanchli oqibatini ko‘rib, ikki dunyoda tillo taqinchoq taqmayman va xarid qilmayman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim.  Men uchun qadrli bo‘lgan qimmatbaho gavhar ko‘zli uzuk sirg‘a to‘plamimni o‘zim bilib tanib yurgan to‘rt bolasi bilan eri og‘ir xastalikdan vafot etib beva qolgan ayolga hadya qilib yubordim.

Oradan salkam besh yil o‘tib bu voqealarni ham deyarli unutib yuborgandim. Tillo otliq taqinchoqlardan holi yashayotganimga besh yil bo‘libdiki, birov meni tillo taqmagansan,deb qatordan qoldirmabdi.  Kuni kecha o‘sha beva ayol menga qo‘ng‘iroq qilib qoldi.  Yashash manzilimni so‘radi.  2018 yildan buyon to‘rt marotaba yashash joyim o‘zgargani uchun meni topishga qiynalayotganini aytdi. Manzilimni aytdim. Qiziq. Nega izlayotgan ekan, tinchlikmikan, anchadan beri hol-ahvol so‘ramaganimdan  afsus qildim. Manzilimni topib kelsa 300-400 ming so‘m ilinib yuborishni ko‘nglimga tugdim. Ayol to‘ng‘ich qizi va o‘g‘li bilan keldi. Shaftoli, qaroli kabi meva-chevayu o‘z qo‘llari bilan qaymoqli  patir pishirib kelibdi.

– Bekor qilibsiz, nega ovvora bo‘lib bularni ko‘tarib yuribsiz?

Ayol qo‘llarimdan tutdi. Mehr bilan ko‘zlarimga boqdi. Sizdan minnatdorman, eng qiyin damda qo‘llab yuborgandingiz. Bizga bergan uzuk sirg‘alaringizni yaxshigina pullab qizimga tikish mashinasi xarid qildik. O‘g‘lim  hovliga ikki sotix issiqxona qurib ishga tushirdi. Tirishib-tirmashib ishladik. O‘z daromadimizni yo‘lga qo‘ydik. Hayotimizga fayz kirgandek bo‘ldi. O‘g‘lim ham qizim ham bitta maqsadni oldiga qo‘yib ishlashdi. Yaxshi daromad qilsak, Rayhon opaga tillo zirak sovg‘a qilamiz, deb asta-sekinlik bilan pul jamg‘arib borishdi. Bugun shu maqsadlariga yetib sizga o‘zingiznikidek qimmatbaho bo‘lmasada, kichikroq gavhar ko‘zli zirak sotib oldik. Bu zirakni qiyomatli opa-singil bo‘lib qolishimizning timsoli, deb qabul qilsangiz... Ruxsat bersangiz, shuni o‘z qo‘llarim bilan quloqlaringizga taqib qo‘ysam...

Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Ayol va uning farzandlari ko‘z o‘ngimda haqiqiy hayot oshig‘i bo‘lgan hazrati insonlar bo‘lib gavdalandi.

Darvoqe, keyingi o‘n kunlikda ayol qizini uzatayotgan ekan. Qiyomatli singlimga nima sovg‘a qilishni o‘ylab dilim yorishdi...

                                                                                    Rayhon Rahimova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring