Guliston shahrida 300 mln dollarlik yirik majmua quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar natijasida viloyat iqtisodiyotida muhim tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y bergani qayd etildi. Ilgari asosan qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolgan hududda sanoat va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib, biznes muhiti yaxshilandi, ilg‘or tadbirkorlarning qatlami shakllandi.
O‘tgan yili Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8 foizga o‘sdi. Sanoat ishlab chiqarishida 8,2 foizlik o‘sish ta’minlanib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha viloyat hududlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi ham izchil o‘sib bormoqda. 2017-yilda 10 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, 38,1 million so‘mga yetdi, ya’ni qariyb 3,8 barobarga oshdi.
O‘tgan yili viloyatda 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati 333 million dollardan oshdi. Ushbu loyihalar doirasida 17,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yig‘ilishda Sirdaryoni Xitoy tajribasi asosida ilg‘or innovatsion hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalindi. Xitoy provinsiyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Malayziyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari doirasida qator investorlar bilan muzokaralar o‘tkazildi, yuzlab million dollarlik loyihalar shakllantirildi. Jumladan, Guliston tumanida 300 million dollarlik chorvachilik majmuasi va bolalar uchun oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yangiyer shahrida Fransiyaning “Bonduelle” kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalar shakllantirilgan.
Yig‘ilishda joriy yilda viloyatga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning hisobiga yalpi hududiy mahsulotni 9 foizga, sanoatni 8,2 foizga, xizmatlar sohasini 15,4 foizga, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga va qurilish hajmini 15 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili kambag‘allik darajasi 11,3 foizdan 6,2 foizga tushirildi. Biroq bu ko‘rsatkich hali ham respublika o‘rtacha darajasidan yuqori ekani qayd etildi.
Joriy yilda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 trillion so‘m resurs ajratilmoqda. Mazkur mablag‘lar asosida 185 ming aholini ish bilan ta’minlash, ishsizlik darajasini 4,6 foizgacha, kambag‘allikni esa 3 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan. Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarini ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish choralari ko‘riladi.
Bu borada “Mehnatsevar ayol”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Bir mahalla – bir mahsulot” kabi dasturlar doirasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Yo‘naltirilgan 100 million dollar hisobiga viloyatda 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 35 ta tibbiyot muassasasi hamda 18 ta sport va madaniyat ob’yektini to‘liq ta’mirlash topshirildi.
O‘tgan yilda Guliston shahridagi 22 ming xonadonni uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi hal etildi. Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon ham doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.
Muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish doirasida joriy yilda 349 kilometr elektr tarmoqlari qurish, 99 ta transformator o‘rnatish, shuningdek, suv tarmoqlarini kengaytirish hisobiga aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini 89,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, viloyatda uy-joy qurilishi jadal davom ettirilmoqda. 2026 yilda 3,5 ming xonadondan iborat 80 ta ko‘p qavatli uy qurish, jumladan, 1,5 ming xonadonni “Yangi O‘zbekiston” massivlarida barpo etish hamda renovatsiya dasturi asosida yangi uy-joylar qurish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi alohida ta’kidlandi. Sirdaryoda ekin maydonlari jon boshiga boshqa qator hududlarga nisbatan ancha ko‘p bo‘lib, suv ta’minoti ham yaxshi. Biroq meva-sabzavot eksporti hozircha 60 million dollardan oshmayotgani qayd etildi.
Bu borada “Sirdaryo agro invest” kompaniyasini tashkil etib, Xovos tumanida suv tejovchi va yuqori agrotexnologiyalar asosida daromadli ekin maydonlarini shakllantirish hamda ularni “tayyor biznes” shaklida aholiga taklif qilish rejalashtirilgan. Dastlab 12 ming gektar yer maydonida ushbu mexanizmni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda 20,8 ming gektar yer maydonida suv ta’minotini yaxshilash va 748 million kub metr suvni tejash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda Vengriya tajribasi asosida Xovos tumanidagi qator mahallalarda “aqlli qishloq” pilot loyihasini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Unda mahallalarga ajratilayotgan mablag‘lar shaffofligi, xavfsizlik, ekologik holat, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlar ochiq raqamli tizim orqali aholiga yetkazib boriladi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga qator aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, Guliston shahridagi “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida kamida 5 ming ish o‘rinli investitsiya loyihalarini joylashtirish, quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha 100 million dollarlik loyihani ishga tushirish, “Feruz” podstansiyasi transformatorlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi.
Shuningdek, Boyovut tumanida “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, viloyat yo‘llarini ta’mirlash uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish, Mirzaobod tumanida anorni saqlash va qayta ishlash agromajmuasini tashkil etish hamda zamonaviy ko‘chatchilik markazlarini ochish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy kasb va tillarga o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratib, xalqaro standartlar asosida malakani baholash markazlarini tashkil etish va kamida 2 ming yoshni kasb-hunarga tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi daromadi va turmush darajasida o‘zining amaliy aksini topishi lozimligini qayd etib, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter