Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hokim haqiqatlari»: Kitob tumani rahbari Xabar.uzda chiqqan tanqidga javob berdi

«Hokim haqiqatlari»: Kitob tumani rahbari Xabar.uzda chiqqan tanqidga javob berdi

Foto: Xabar.uz

Avval saytimizda «Ikki hokimga «ikki» baho: Kitobdagi «Obod qishloq» uch yildan beri obod bo‘lmayapti» nomli tanqidiy maqola e’lon qilingandi.

Unda Qashqadaryo viloyatining olis Katta To‘pchoq qishlog‘ida «Obod qishloq» dasturi chala qolgani, qishloq markazidagi bino esa xaroba ahvolda yotgani, atrofi chiqindixonaga aylangani qalamga olingan. 

Xabar.uz muxbirining xabar qilishicha, Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov maqolaga munosabat bildirdi va hududga kelib nashr vakili va mahalliy aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Bir soatdan ziyod davom etgan suhbat davomida hokim tumandagi muammolar va maqolada «urib chiqilgan» mavzu yuzasidan savollarga javob berdi. 

Alisher Zokirovga ko‘ra, tumanda bu kabi muammolar ortida Kitob hududi budjetidagi kamchiliklar, tushumlarning kamligi va iqtisodiy holatning murakkabligi turibdi. 

— Kitob tumanining iqtisodiy holati havas qilarli emas. Fuqarolarning soliqlardan katta qarzdorligi mavjud. Bu ishni birov chetdan qilib bermaydi, o‘z hisobimizdan qilishga majburmiz. Mana raqamlar: tumandagi jami aholining budjet qarzdorligi 5 mlrd 900 mln so‘m. Biz turgan To‘pchoq MFY fuqarolarining yer va mulk solig‘idan qarzdorligi 632 mln 13 ming 978 so‘m. MFYda 66 ta fermerning jami 294 mln 697 ming 800 so‘m qarzi bor. Ushbu bino 2019-yilda o‘ylamasdan buzib tashlangan (avvalgi tuman hokimi davrida — tahririyat). Endi o‘zingiz o‘ylang, budjetning bunday ko‘rinishida chala ishlar haqida o‘ylash muammo. Biz Xayrobod qishlog‘ida dasturni jadallik bilan davom ettiryapmiz. Ulug‘bek aylanma yo‘lida katta ishlar qilindi. To‘pchoqdagi kamchiliklarga ham navbat keladi, — dedi Kitob tumani rahbari.

Hokimga ko‘ra, 2021-yil yakuniga qadar qishloqdagi kamchiliklarni bartaraf etishga imkoniyat yo‘q. Lekin Alisher Zokirov mazkur muammo 2022-yilda hal qilinishini aytdi. 

— Men xalqdan, xususan matbuotdan hech narsani yashirmayman. Mazkur muammoni bu yil yechishga sharoit yo‘qligini ochiq tan olaman. Lekin 2022-yil bu xarobani go‘zal ko‘rinishga keltiramiz, obod qilamiz. Shu o‘rinda bir mulohaza: bu yerning obodonchiligi avvalo hokimiyatning vazifasi, buni e’tirof etaman. Qarang, chiqindixonalar paydo bo‘lib, tuproqlar uyulib yotibdi. Buni aholining o‘zi birlashib yoki MFY raisi yordamida epaqaga keltirsa bo‘ladi. O‘zim moddiy yordam berardim. Nega shuni hech kim o‘ylamadi? Hamma vazifani hokimiyatga topshirib qo‘yishdan osoni yo‘q. Hammamiz avvalo o‘zimizni isloh qilishimiz kerak, — deya so‘zini xulosaladi hokim.  

So‘ngso‘z o‘rnida

Hokimning va’dasidan aholining ko‘ngli bir qadar taskin topdi. Ammo baribir ayrim savollar ochiq qolaveradi: tuppa-tuzuk bino nega o‘ylamasdan buzib tashlangan? Imorat chala tashlab ketilgach, nega ijrochilarga chora ko‘rilmayapti, quruvchi korxona vakili qayerda, nimalar bilan band? Bizda shunchalik qayernidir buzib tashlash va chala tashlab ketish osonmi? Nega kimningdir mas’uliyatsizligi deb aholi jabr tortishi kerak? 

Savollar ko‘p. Afsuski, aniq javob topish juda-juda mushkul.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring