IIV hozirdanoq vaziyatni xaspo‘shlamoqdami?
Jarqo‘rg‘onda hokim va tuman IIB rahbarlari tomonidan sudyalar obro‘sizlantirilgani, shuningdek, tuman sudi haydovchisi do‘pposlanib, bir muddat qamab qo‘yilganidan xabaringiz bor. Mazkur voqelik haqida xabarlar tarqalishi hamono Bosh prokuratura bayonot berib, holat yuzasidan tekshiruv ishlari boshlangani, jarayon nazoratda ekanini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati esa tuman hokimi va tuman IIB rahbarlarining xatti-harakatlarini hech nima bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidlab, buni sud hokimiyati mustaqilligiga qilingan ochiqdan-ochiq tahdid deb baholadi.
Nihoyat, voqelik yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati ham ma’lumot berdi. IIV ma’lumoti «o‘ziga xos va o‘ziga mos» bo‘lib, unda sudyalar obro‘sizlashtirilgani xususida churq etilmaydi. Shuningdek, IIB xodimlarining jismoniy kuch ishlatishi natijasida tuman sudi haydovchisi jarohat olgani haqida ham deyarli gap yo‘q. IIV axborot xizmati asosiy urg‘uni «...jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga qarashli xizmat avtomashinasini haydovchi R.R. qarama-qarshi yo‘nalishda boshqarib kelgani sababli» tuman hokimi va postda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari mazkur avtotransportni yo‘lning qatnov qismidan chetga olishni talab qilgani, biroq haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagani natijasida postda sun’iy tirbandlik yuzaga kelganiga beradi. «...Shundan so‘ng holatga oydinlik kiritish maqsadida, haydovchi soat 10:30 larda tuman IIBga olib borilib, soat 11:00 larda chiqarib yuborilgan», deyiladi axborotda.
Voqelik ancha silliqlab berilgan mazkur ma’lumotning o‘zida bir-birini inkor etuvchi holatlar mavjud. Xo‘p, haydovchi yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlanib kelgan bo‘lsa, nega unga nisbatan o‘sha joyning o‘zidayoq ma’muriy bayonnoma tuzilmadi? U yo‘l harakati qoidalarini shunchalar qo‘pol buzgan ekan, IIB binosiga olib borilib, yarim soatga qolmay nega qo‘yib yuborildi?
Qisqasi, IIVning voqelik yuzasidan bergan bir parcha ma’lumotnomasida mantiqsizliklar yetarli. Ochiq qolayotgan savollarga esa, prokuratura tekshiruvi natijalaridan javob topamiz, nasib...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter