Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Korrupsiya bilan kurashuvchi virtual akademiya ishga tushiriladi

Korrupsiya bilan kurashuvchi virtual akademiya ishga tushiriladi

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda davlat xizmatchilari (o‘qish ular uchun majburiy bo‘ladi) va aholining boshqa toifalari uchun mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya ishga tushiriladi. Bazaviy kurslarda o‘qish bepul, maxsus kurslarda malaka oshirish pulli bo‘ladi.

«Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasi joriy etiladi.

Virtual akademiyada o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlik:

  • o‘qitilishi lozim bo‘lgan davlat xizmatchilari kontingentini shakllantiradi va akademiya bilan kelishgan holda yillik o‘qitish reja-grafigini tasdiqlaydi;
  • o‘quv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib boradi;
  • yangi o‘quv modullarini joriy etish bo‘yicha akademiyaga takliflar kiritadi;
  • o‘quv jarayoniga jalb qilingan davlat organlari va tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
  • akademiya bilan birgalikda har yili Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga Virtual akademiya faoliyati yuzasidan axborot kiritadi.

Virtual akademiyada o‘qitish quyidagi kontingent uchun olib boriladi:

  • aholi, tadbirkorlik sub’yektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari;
  • ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari;
  • davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari.

Virtual akademiyada o‘qitish bazaviy (barcha foydalanuvchilar uchun bepul) hamda maxsus o‘quv kurslari (to‘lov-shartnoma asosida) bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat xizmatchilariga maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish majburiy hisoblanadi, bunda:

  • ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida o‘quv kursidan o‘tadi;
  • malaka oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xizmatchilar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi.

Maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikat beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring