Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuch ishlatilishi, o‘lim tahdidlari va «shest sekund» voqeasi... (Top-10)

Kuch ishlatilishi, o‘lim tahdidlari va «shest sekund» voqeasi... (Top-10)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 2 noyabr — Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kuni. Jurnalistlarga, tahririyatlarga tahdid va bosimlar har doim uchrab turadigan holat. Aslida ularning ayrimlarigina keng ommaga oshkor bo‘ladi. «Xabar.uz» so‘nggi yillarda mamlakatimizda jurnalistlarga qarshiliklar va bosimlarga aloqador ayrim voqealarni eslab o‘tadi.

«Otabek Qo‘ldoshev voqeasi»

«Daryo» internet-nashrining Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri Otabek Qo‘ldoshev 2021 yil 16 aprel kuni Qarshi shahridagi «Ko‘k gumbaz» masjididan Ramazon oyining birinchi juma namozi haqida reportaj tayyorlayotganida shu yerda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari bilan tushunmovchilik kelib chiqadi. Muxbir suratlarni nima maqsadda olayotganini tushuntirib, avtomobilidan muxbirlik guvohnomasini olib kelganida, hodisa joyida bo‘lgan ichki ishlar xodimlaridan biri unga qo‘pollik qilib, boshqa xodimlarga muxbirni avtomobilga solib, olib ketishni buyuradi.

«Daliyev va Andijon voqealari».

2019 yil avgust oyida Andijon shahridagi maktablarda ishlovchi «boshi ochiq» ayollarning sirli ro‘yxati haqida yozgan Xurshid Daliyevga o‘ldirish bilan tahdid qilishgandi.

«Chora ko‘rishlarini so‘rab, Bosh prokuratura va IIVga murojaat qilgan edim. Arizalarim aylanib-aylanib Namangan shahar ichki ishlar idorasiga borib tushibdi. O‘rganishyapti shekilli, har holda ahyon-ahyonda qo‘ng‘iroq qilib, u-buni so‘rab turishipti. Eng qizig‘i, tahdid qilgan odamning raqami aniq. Uni topish qiyin bo‘lmasa kerak, degan yaxshi fikrdaman. Axir biz tosh asrida yashamayapmiz-ku, to‘g‘rimi?! Umid qilamanki, jurnalistik faoliyatimga to‘sqinlik qilishga uringan va haqoratlagan shaxslar aniqlanib, qonun oldida javob beradi», — deb yozgandi Xurshid Daliyev.

«Anora Sodiqova va Milliy Gvardiya voqeasi»

«Rost24» internet-nashrining «Ichki ishlar xodimlarining «ichki nayranglari» yoxud Milliy gvardiya ko‘z o‘ngida o‘lib ketishiga oz qolgan «mardikor-jurnalist» kechinmalari» nomli maqola e’lon qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Maqolada jurnalist Anora Sodiqova va uning hamkasblariga nisbatan Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan noqonuniy harakatlar qilingani, shuningdek, jurnalist shu voqealar haqida material yozsa, 200 nafar ayol ishxona oldiga janjal ko‘tarib borishlarini aytib, bosim o‘tkazilgani bayon qilingandi.

«Farg‘onada jurnalist bo‘lish — Sharifa Madrahimova voqeasi»

Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimova 2020 yil aprel oyida mahalliy hokimiyat va IIB bosimiga uchragandi. Bu haqda jurnalistning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.

Uchko‘prik tumanida birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilingan. Shu munosabat bilan tuman hokimligi vakili tarmoq orqali bu haqda xabar berib, mahsulotlar narxi arzonligi ta’kidlaydi. Hokimlik mas’uli xabaridan taajjublangan Sharifa Madrahimova yarmarka o‘tayotgan joyga borib, muxtasar jurnalistik surishtiruv o‘tkazishga tushadi. Shu jarayonda paydo bo‘lgan va o‘zini «tuman hokimining kotibi» ekanini aytgan Shohjahon Mo‘ydinov degan shaxs jurnalist faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatib, uning qo‘lini qayirgan (!) holda uyali telefonini tortib oladi.

«Snos va Qalampir.uz»

«Qalampir.uz» xodimlari Yunusobod tumani 2-mavzeda faoliyat olib borayotgan bir guruh tadbirkorlarning murojaatini o‘rganishga borgan va Ichki ishlar xodimining faol qarshiligiga uchragandi. «Hokimiyat va prokuraturadan tayinli javob ololmagach, voqea joyiga qaytib keldik. «Qalampir.uz» tasvirchisi Xo‘jamiyor Xolmurodov o‘z ishiga kirishdi. Prokuratura xodimi tasvirchini ko‘rib, Ichki ishlar xodimlariga «Olib kel», deb buyruq berdi va Ichki ishlar xodimlari operatorni quvlab, avtomashina oldigacha kelishdi. Eshikni ochib, tezda mashinadan tushishni buyurishdi», deyilgandi nashr xabarida.

«Fleshkaxo‘r»

Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi «Mening yurtim» (MY5) telekanali jurnalistlarining ishiga aralashishga uringani yodingizda bo‘lsa kerak. Qayd etilishicha, xodim xotira kartasini operator kamerasidan olib tashlab, og‘ziga solib «yeb yuborgan».

Telekanal jurnalistining so‘zlariga ko‘ra, ijodiy guruh 2021 yil 14 iyun kuni tuman dehqon bozorida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatlari to‘g‘risida reportaj tayyorlash uchun Samarqandga yo‘l olgan. Uning ta’kidlashicha, tuman hokimidan izoh olmoqchi bo‘lganida, hokimiyat matbuot xizmati xodimi jurnalistlarga qarshilik ko‘rsatishni boshlagan.

«Qichiq savol»larga toqati yo‘q rahbar

Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning ovozi ekani aytilayotgan audio tarqalgandi.

Audioda qachon o‘tgani noma’lum yig‘ilishda hokim jurnalistlar bilan qanday gaplashishi, ya’nikim, hokim jurnalistlarning «qichiq savol»lariga toqati yo‘qligi, «normalniy» muloqot qilish tarafdori ekanini ta’kidlab, gap orasida ommaviy axborot vositalari xodimlaridan birini «hezalak» deb haqoratlagandi. 

«Ushlang, prokuraturaga bervoramiz»

Olmazor tumanida sodir bo‘lgan voqealar hammamizning yodimizda. 2019 yil 14 avgust kuni Kun.uz xodimlari murojaat bo‘yicha izoh olish maqsadida ichkariga kirishganida tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahabov dastlab tadbirkorlarga, so‘ng Kun.uz xodimlariga davlat organi xodimiga xos bo‘lmagan tarzda muomalada bo‘lgandi. U videotasvirga olmaslikni talab qilib operatorga tashlanadi va o‘zini bosib ololmay, tajovuzkorona harakatlarini davom ettirib, tahririyat mulki bo‘lgan texnika vositasiga shikast yetkazadi. 

«Shest sekund» voqeasi

2019 yil noyabrida internet tarmoqlarida tarqalgan audio jamoatchilikni «portlatadi».

Jurnalist bilan suhbat davomida istasa «shest sekund»da yomonotliq qila olishini, ayrim OAV vakillari «prinsipi yo‘q, iflos bedolaga (qashshoq)!» ekanini aytgan shaxs Toshkent hokimi bo‘lib chiqadi.

Albatta, hokimning audiosi tarqalganidan ko‘p o‘tmay u (audio) to‘la shaklda emasligi, undagi aks etgan gaplar «ma’ruzadan» yulib olingan parchalar ekani, shuningdek, o‘sha suhbatda aytilgan tahdidlar nashr muxbirlariga qaratilgani ochiqlangandi.

«Diana voqealari»dan keyingi tahdid

So‘nggi yillarning eng shov-shuvli voqealaridan biri — Samarqandda o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning majburiy mehnat ortidan o‘lim topgani holati bo‘lgandi. Ushbu fojiadan keyin mamlakatda majburiy mehnatga qarshi jiddiy kurash boshlanib ketgandi.

«Xabar.uz»ning o‘sha vaqtda Samarqand viloyatidagi muxbiri Karimberdi To‘ramurod o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida Diananing o‘limi tafsilotlarini yoritganidan so‘ng unga nisbatan jiddiy bosim va tahdidlar bo‘lganini ma’lum qilgandi. 

***

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov matbuot xodimlarida o‘zini senzura qilish, qo‘rquv hali ham borligini, chunki davlat idoralari xodimlari tomonidan turli tahdidlar, bosimlar, adolatsizliklar mavjudligini qayd etib o‘tgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring