Mulkka oid huquqni e’tirof etish yanada soddalashtiriladi
Yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni e’tirof etish jarayonlari yanada soddalashtiriladi.
Qonun (O‘RQ–1153-son, 15.06.2026-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur Qonun o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayonlarini jadallashtirish, amaliyotda yagona va izchil tartibni ta’minlashga qaratilgan.
Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, qarzdorlik miqdori BHMning 30 baravaridan oshmagan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish yo‘lga qo‘yiladi.
Qonunda belgilangan muddatlar amaldagi 150 kundan – 50 kunga (3 baravarga) qisqartiriladi.
1 martalik to‘lovlarning 50 foizi belgilangan muddatda (20 ish kunida) to‘liq to‘langanda, uning qolgan qismiga chegirma beriladi.
To‘lash imkoniyati bo‘lmaganda fuqaroga soliq inspeksiyasi bilan shartnoma tuzish orqali mazkur mablag‘ni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga huquqni e’tirof etish mexanizmi yanada takomillashtirildi.
Xalq deputatlari kengashlari qarorlari huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos bo‘lishi belgilandi.
2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar yer uchastkasi uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga qo‘llanilmasligi belgilandi.
Fuqarolarning vaqti va mablag‘larini tejash maqsadida shikoyatlarni sudga qadar ko‘rib chiqish mexanizmi kiritildi.
Yer uchastkasining qurilishi taqiqlangan hududga tushgan qismini chegirib tashlagan holda uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish tartibi joriy etiladi.
Bino-inshootlar xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etishga tuman (shahar) hokimliklari ham mas’ul etib belgilandi.
Ushbu Qonun Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter