Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olganlarga soliq imtiyozi beriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Hujjat bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini xalqaro standartlar asosida mustahkamlash, ularning odil sudlovdan teng foydalanishini ta’minlash hamda ijtimoiy himoya tizimini manzilli tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasiga muvofiq, «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona mexanizmi joriy etiladi. Ijtimoiy xizmatlar, nafaqalar, imtiyozlar va boshqa kafolatlar aynan ushbu reyestr asosida taqdim etiladi.
Qonun loyihasida Soliq kodeksiga ham muhim o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan xodimlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq ayrim xarajatlarni soliq bazasidan chegirish imkoniyati yaratilmoqda. Hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilayotgan korxonalar uchun mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha yengilliklar berish ham nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari ortiqcha to‘langan nafaqalarni undirish bo‘yicha sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, hujjat aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy xizmatlar manzilliligini kuchaytirish va davlat qo‘llab-quvvatlash choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter