Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘yindan fojiaga: virtual o‘yinlarga berilishning ayanchli oqibatlari

O‘yindan fojiaga: virtual o‘yinlarga berilishning ayanchli oqibatlari

Ba’zan bolaning qo‘lidagi smartfon ekranidagi virtual jang maydonlari real hayotga ko‘chib qolishi mumkin.

Pokistonda sodir bo‘lgan fojia aynan shu haqiqatni ko‘rsatdi: Lahor sudi 17 yoshli Zayn Aliga butun oilasini shafqatsizlarcha o‘ldirgani uchun 100 yil qamoq jazosi tayinladi. Bu mudhish jinoyatning ortida ko‘pchilik yoshlar yaxshi biladigan PUBG onlayn o‘yiniga o‘ta berilish va uning ruhiyatga kuchli ta’siri turgani aytilmoqda.

Aslida qotillik 2021 yilda, Ali 14 yoshda bo‘lganida sodir etilgan. Oilasi uni ko‘p marotaba “o‘yindan bosh ko‘tar” deb ogohlantirgan, ammo o‘smir bundan o‘zini tiya olmagan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, u o‘yinda topshiriqlarni bajara olmagan paytida juda ham tajovuzkor bo‘lib qolgan. O‘sha kun ham misli ko‘rilmagan fojia ana shunday asabiy holatda yuz berdi: onasidan koyish eshitgan o‘smir uyidagi to‘pponchani olib, onasi va singillari uxlayotgan xonaga kirib o‘q uzdi. So‘ng akasining ham boshiga yetdi. Bir onda to‘rt inson hayoti uzildi.

Bu insoniyat uchun saboq bo‘lishi kerak. Chunki o‘xshash holatlar boshqa davlatlarda ham qayd etilmoqda. Masalan, Qozog‘istonda 21 yoshli yigit “Free Fire” o‘yinini o‘ynayotganda telefonini olib qo‘ygan oila a’zolarini pichoqlagandi.

Savol tug‘iladi: virtual o‘yinlar nima uchun bunday xavfli nuqtaga olib kelmoqda?

Chunki yoshlarning ko‘pchiligi o‘yin va real hayot chegarasini yo‘qotib qo‘yadi. Ota-onalar esa bolalarning ruhiy holatiga kam e’tibor qaratadi.

O‘yin industriyasi milliardlab dollar ishlab topayotgan bir paytda, uning salbiy ta’siri uchun javobgarlikni hech kim to‘liq zimmasiga olmaydi.

Onlayn o‘yinlarni mutlaq yomon deyish ham to‘g‘ri emas, ularning ayrimlari bilim oshiradigan, hatto ijodiy imkoniyatlarni ochib berishi mumkin. Ammo asosiy muammo unga o‘ta berilishda. Agar o‘yin hayotdan, oiladan, aziz insonlardan ham muhim bo‘lib qolsa, u endi vaqt o‘tkazish vositasi emas, balki xavfli “qullik”qa aylanadi.

Shuning uchun ota-onalar farzandlarining qiziqishlariga diqqatli bo‘lishlari kerak. Maktab va jamoat tashkilotlari sog‘lom hordiq chiqarish madaniyatini rivojlantirishga ko‘proq e’tibor berishlari shart. Eng muhimi, har bir yosh o‘zi uchun bir savolni berib ko‘rishi lozim: men virtual o‘yinlarda g‘alaba izlayotgandek, hayotimda ham g‘alabaga intilayapmanmi?

Zayn Alining taqdiri bir oila uchun ulkan fojia, boshqalar uchun og‘ir dars bo‘ldi. Undan bugun xulosa chiqarmasak, ertaga bu xavf bizga ham tegishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring