Navoiyda dahshatli jinoyat sodir etgan otaga hukm o‘qildi
Joriy yilning 9-yanvar kuni Navoiyda yig‘lagan faozandining og‘ziga paypoq tiqib o‘limiga sabab bo‘lgan otaning xatti-harakati barchani birday larzaga solgan edi.
Kuni kecha ushbu jinoyat yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi. Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Sardor Ikromovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, aybdorga nisbatan 15 yil qamoq jazosi tayinlangan.
Holat Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yuz bergan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kechki payt uyiga qaytgan ota hali 1 yoshga ham to‘lmagan va yig‘lab turgan o‘z farzandini avvaliga tinchlantirishga uringan. Ammo bolaning yig‘isi to‘xtamagan. Jahl otiga mingan ota o‘z xatti-harakatini boshqarolmay qolgan.
Sudda aniqlanishicha, erkak oila a’zolari ko‘z o‘ngida chaqaloqqa zo‘ravonlik qilgan. Oqibatda bolaning ahvoli og‘irlashib, u shifoxonaga olib borilgan. Biroq, shifokorlarning barcha harakatlariga qaramay, chaqaloqning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi, ikkinchi qismi «v» va «j» bandlari bilan aybdor, deb topildi. U 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi»,—dedi Sardor Ikromov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter