Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oyoqda mahsi kalish, yelkasida ketmon ko‘targan traktorchi qiz: «Menga bog‘imni qaytaring, men ishlayman!» (video)

Oyoqda mahsi kalish, yelkasida ketmon ko‘targan traktorchi qiz: «Menga bog‘imni qaytaring, men ishlayman!» (video)

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi 19 yoshli qizning o‘z mehnati bilan yaratilgan bog‘dagi daraxt va daraxt ko‘chatlarini qo‘porib tashlash uchun fermer tomonidan yer maydoniga traktor kiritilgani, qiz esa payhon qilib tashlanayotgan bog‘ning asrab qolinishi uchun traktor oldiga chiqib qilgan videomurojaati ko‘pchilikning e’tiborini qaratdi. 

Holat aslida qanday bo‘lgan? «Xabar.uz» muxbiri mazkur videomurojaatni o‘rganish maqsadida Shofirkon tumanida bo‘ldi.

O‘rganuvga ko‘ra, Shofirkon tumanidagi Kotiyon qishlog‘ida yashovchi19 yoshli qiz Xurshida Valiyevaning otasi Vohidjon Xo‘jayev 2016 yilda «Vohidjon Valiyevich zamini” fermer xo‘jaligini tashkil etgani aniqlangan. Unga qishloq hududida joylashgan 13/16, 13/17, 13/18 konturidagi yer maydonlarida ijara shartnomasi asosida fermerlik faoliyatini yuritishi uchun ruxsat berilgan.

«Bu paytda men 16 yoshda edim. Suyagim mehnatda qotgan. Ekin maydoni uchun mo‘ljallangan mazkur yer maydonlarining 35 sotixli maydonida mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazib, bog‘ yaratishni orzu qildim. Orzularimni mehnatim bilan amalga oshira boshladim. Azbaroyi dehqon ota-onamga ko‘mak bo‘lsin uchun 13/16 konturning noobod chegara atroflarini o‘z qo‘l kuchim bilan obod qildim. Tong sahardan hali oftob chiqmay turib, yelkamda ketmon, oyog‘imda goh kirza etik, goh mahsi kalish bilan dalaga yugurardim. 0,15 gektar chegara atrofga va undan tashqari, konturning 0,20 gektar maydoniga 300 dan ortiq nihollar o‘tqazdim. Bu konturga suv yo‘li yo‘q. Yerga suv kirmaydi, ishonasizmi, chelaklab suv tashib, nihollarni bo‘y cho‘zdirdim. Oradan bir yil o‘tib, ya’ni ikki yilcha oldin esa 100 quvvatli suv nasosi o‘rnattirdim. 2019 yilgacha bu nihollarim daraxtga aylandi. Lekin o‘shangacha men ekin maydonida bog‘ yaratish noqonuniy ekanini bilmagan edim. Bu xatoimni tan olaman. Biroq bog‘ bo‘y ko‘rsatdi, chegara atrofdagi daraxtlar meva tugdi. Kontur ichidagi daraxtlar ham quvvatga to‘ldi. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, bu yer maydonlari 2019 yilda kadastr agentligi tomonidan otamga tegishli fermer xo‘jalikka qizil nuqtalar orqali belgilab berilgan. 2021 yilda esa boshqa bir fermerga o‘zlashtirib berildi»,— deydi Xurshida Valiyeva.

 Xurshida sud qarorlaridan noroziligini bildirdi

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yilda Vohidjon Xo‘jayev fermer xo‘jaligiga tegishli yerning bir qismi zaxira yer maydoniga olingan. Va ushbu zaxira yer maydonida «Xurshidjon Shahzodjon» fermer xo‘jaligi tashkil etilgan. 2020 yilning 30 dekabrida tuman hokimining 757-sonli qarori bilan ushbu yer maydoni yana qayta zaxiraga olingan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori hamda «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasi va tuman hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish masalalari ko‘rib chiquvchi komissyasining bayoni chiqarilgan. Ushbu bayonga asosan, «Faridjon chorbog‘i» fermer xo‘jaligi tashkil etilib, yer maydonlari xo‘jalik rahbari G‘ayrat Hamroyevning faoliyat yuritishi uchun qayd etilgan.

«2019 yilning 9 yanvaridagi 14-sonli «Fermer xo‘jaliklar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bir oylik kuchga ega bo‘lgan qaror hisoblanadi. Afsuski, eski qaror asosida kadastr agentligi tomonidan oradan bir yil o‘tgach, boshqa fermer xo‘jaligi rahbari Azamat Hamroyevdan uning akasi G‘ayrat Hamroyev fermer xo‘jaligiga olib berilayapti. Hech qanday tendersiz. Davlat yer maydonlari xuddi merosga o‘xshagan holatda ukadan akaga o‘tkazilishi qonunan to‘g‘rimikin?»— deydi 19 yoshli qiz.

Holatga ko‘ra, 2021 yilda tashkil etilgan «Faridjon chorbog‘i» xaritasiga, ya’ni konturiga Xurshida Valiyeva yaratgan bog‘ yer maydoni ko‘rsatilmagan. Va fermer xo‘jalik rahbari G‘ayrat Hamroyevga ham ushbu xarita dalolatnoma orqali rasmiylashtirib berilgan.

Aynan shu o‘rinda Xurshida Valiyeva holat yuzasidan otasining faoliyatiga oid olib borilgan sud qarorlarida adolatsizlik yotganini bildirgan.

Oliy sud sudyasi B.Tangabayevning Buxoro viloyati sudi sudi raisi nomiga 6-3266-22 sonli xati da’vogar «Faridjon Chorbog‘i» fermer xo‘jaligining javobgar Vohidjon Xo‘jayevga nisbatan yer maydonini avvalgi holatiga keltirib, fermer xo‘jaligi hisobiga qaytarish majmuriyatini yuklatish va boy berilgan foydani undirish haqidagi da’vo arizasi yuzasidan 2022 yil 20 oktyabrda qabul qilingan ajrim ijro qilish uchun yuborilgan. Unda fuqarolik ishi yuzasidan qabul qilingan sud qarorlarining ijrosini to‘xtatish haqidagi ko‘rsatma bekor qilingani ma’lum qilingan.

«Garchi bugun ayrim mas’ullar sen fermer xo‘jalik rahbari emassan, bu o‘rinda otang javobgar, deyishsa-da, men dehqon qizi, otamning qizi sifatida Oliy sud qaroridan norozi ekanimni bildiraman. Zero, bunda eski va o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlarga tayanilgan»,-deydi Xurshida Valiyeva.

Shu kuni holatni o‘rganish maqsadida tumanga viloyat rahbari talabi bilan viloyat hokimi o‘rinbosari Amrillo Nazarov rahbarligida ishchi-guruh ham jalb etilgan. Ular tomonidan tuman mutasaddilari, fermer xo‘jalik rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Bunda «Xabar.uz» muxbiri ishchi-guruh vakillari bilan suhbatda bo‘lgan.

«Bahsli yer masalasida o‘tkazilgan sud jarayonlarida tuman hokimligidan vakillar ishtirok etganmi? Agar boshqa fermer xo‘jaligi foydalanuvida bo‘lgan yer maydonini ikkinchi fermer xo‘jaligiga ajratish haqida qaror qabul qilinib, chindan ham yer maydoni ikkinchi fermer xo‘jalik a’zosi tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan bo‘lsa, nega ilgariroq yer maydonini qaytarib olish chorasi ko‘rilmagan»—deya tuman mutasaddisiga savol berdik.

 Tuya go‘shti «yeb yotgan» xato

Aniqlik kiritilishicha, o‘tkazilgan sud jarayonlarida tuman mas’ullari ishtirok etishmagan.

«Shofirkon tumani hokimining 2021 yil 9 martdagi 162-sonli qaroriga asosan, avval Vohidjon Xo‘jayev rahbarligidagi fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan va keyin zaxiraga topshirilgan 22,3 gektar yer maydoni «Faridjon chorbog‘i» fermer xo‘jaligiga biriktirib berilgan. Shunga qaramasdan, Vohidjon Xo‘jayev 0,35 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan. Ekin maydonida noqonuniy ravishda beda ekib, mevali daraxtlar o‘tqazishda davom etib kelgan. Keyinchalik «Vohidjon Valiyevich zamini» fermer xo‘jaligining hududiga dahl qilishi yuzasidan mas’ul xodim xatosi bilan chizmalar noto‘g‘ri shakllantirilgani aniqlandi», — deya javob bergan tuman hokimi o‘rinbosari.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning mart oyida ushbu konturni noto‘g‘ri «chizgan» kadastr agentligi Shofirkon tuman bo‘limining xodimi Ulug‘bek Rajabovga nisbatan «xayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Haqli savol tug‘iladi: kadastr agentligi xodimining qizil chiziqlardagi noto‘g‘ri chizmalari nega oradan ikki yil o‘tgandan so‘ng «chiqib» qolyapti?! Uning xatosi bilan noto‘g‘ri belgilangan yer maydonlari konturi qizil chiziqlari ikki xil chizma bilan belgilangan bo‘lsa, nega bu «xato» ikki yildan buyon tuya go‘shti yeb yotgan?! Va bu savol tuman rahbarlarini nega ikki yil davomida o‘ylantirmagan?

Ushbu holatda fermer Vohidjon Xo‘jayev o‘zboshimchalik bilan «Faridjon Chorbog‘i» fermer xo‘jaligiga 7 962 500 so‘m ziyon yetkazgan, deb topilib, sud tomonidan shuncha miqdorda pul undirilgan.

«Aslida, ikki fermer o‘rtasida oilaviy va shaxsiy kelishmovchiliklar oqibatida nizo kelib chiqmoqda. Ularning bir-biriga bo‘lgan shaxsiy adovati tuman obo‘yiga ham putur yetkazmoqda. Biroq, qiz 16 yoshida ilgari otasiga tegishli fermer xo‘jalik hisobidagi yerda daraxt o‘tqazish qonunan mumkinmasligini bilmay, bog‘ yaratgan. Kuni kecha chiqqan Oliy sud qaroriga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonini avvalgi holatida qaytarish belgilangan. Biroq, bugungi kunda daraxtlarni qo‘porib tashlash, tabiatga ziyon yetkazish ham ta’qiqlangan»,— deydi hokimlik mas’ullaridan biri.

Bizni esa tuman mas’uli aytmoqchi, ikki fermer o‘rtasida kelib chiqayotgan nizolarga sabab bo‘layotgan shaxsiy kelishmovchilik, hujjatlardagi anglashmovchiliklar va mas’ullarning ham e’tiborsizligi oqibatida esa bugun 19 yoshga to‘lgan qiz tomonidan 3 yil ilgari qonunan mumkin bo‘lmagan ekin maydonida yaratgan bog‘ining payhon bo‘lmasligi uchun qilayotgan hatti-harakati o‘ylantiradi. Achinarlisi, dehqon qizning uch yil davomida suv yetmas, noobod yerni obod qilib, bog‘ yaratish uchun mehnat qilib kelayotgani aslida, noqonuniy ekani mutasaddilar tomonidan tushuntirilmagan.

«Shaxsan o‘zim qizning mehnatkashligini bilaman. Bugun Xurshida qatori yoshlarning ko‘pchiligini turli ko‘ngilochar maskanlarda, ko‘cha-ko‘ylarda, kafe-barlarda yurishganiga guvohmiz. Ammo Xurshida tongdan tungacha mehnat qiladi. Tinmaydi. Suv chiqmas yerga mahsi kalishda qatnab, nihollarga chelaklab suv quyadi. Maktabni ham a’lo baholarda tugatgan. Hozirgi paytda Toshkent amaliy fanlar universitetida to‘lov-shartnoma asosida sirtdan ta’lim ham oladi. Bundan tashqari, dzyu-do bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat chempionatlarida bir necha marotaba muvaffaqiyat qozongan. Shijoati, g‘ayrati baland. Kurashchan, intiluvchan qiz, aslida, ko‘pchilik yoshlar uchun o‘rnak. Bunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xato-kamchiliklarini tuzatishda yelka tutish lozim. Ikki fermer o‘rtasidagi shaxsiy nizomi, adovatmi uning faoliyatiga to‘siq bo‘lmasligi kerak», — deydi yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari Suhrobjon Abdullayev.

 Nizoli yer auksionga qo‘yiladigan bo‘ldi

Ishchi-guruh ishtirokidagi yig‘ilishda muammoli yer maydoni davlat zaxirasiga o‘tkazilib,  tanlov (auksion)ga qo‘yilishi masalasi o‘rtaga tashlandi. Va bu borada ayni paytda yer maydonining qonuniy egasi, «Faridjon chorbog‘i» fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayrat Hamroyevning o‘zi ham so‘z olgan va 1,5 gektarli ushbu muammoli yer maydonining davlat zaxirasiga o‘tkazilishi eng to‘g‘ri yo‘l ekanini bildirgan.

«Bugun 19 yoshli qizning videomurojaat orqali yo‘llagan masalasi o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida qizimiz taklif qilgan muammoli, ya’ni boshqa fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan yer maydonining 1,5 gektar qismi zaxiraga qaytarilib, tuman hokimligi tomonidan lotlarga bo‘lingan holda tanlovga, auksionga qo‘yiladigan bo‘ldi.  Albatta, bu yer maydonlari shu hududda yashovchi kam ta’minlangan, sharoiti bo‘lmagan fuqarolarga tanlov asosida ajratib beriladigan bo‘ldi. Shu o‘rinda, Xurshida ham ushbu tanlovda ishtirok etib, lot yutib olishi mumkin. Bu borada tuman hokimligi mutasaddilari tavsiyasiga tayanadigan bo‘lsa, albatta, yuqori ball to‘plash imkoniga ega bo‘ladi. Qizning murojaati ijobiy yechim topganidan hammamiz xursandmiz»,— degan «Xabar.uz»ga bergan intervyusida viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov.

Shu o‘rinda, mojaroli holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining holatni o‘rganib, qizning videomurojaatini ijtimoy tarmoq kuzatuvchilari e’tiborini tortish maqsadida foydalanilgan, deb hisoblangani taassufli.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Xurshida Valiyevaning videomurojaati tarqalgach, «Bu qizning ortida o‘rgatuvchilari ko‘pga o‘xshaydi» degan iddaolar ham bildirildi. Ular orasida qiz shu yo‘l bilan «mashhur» bo‘lish yo‘lini tanlangandir-da, deya kesatiqlanganlar ham yo‘q emas. Biroq hali mustaqil hayot ostonasiga endigina kirib kelayotgan qizning hatti-harakatlari yig‘ilishda to‘planganlarning ham e’tiborini jalb etmay qo‘ymadi.

«O‘zboshimcha» qizning haqqoniyati

«Fermer xo‘jaligini rivojlantirish uchun ishchi kuchiga zarurat tug‘ilar ekan. Ota-onam zimmasiga o‘zimizning og‘ir yukimizni ortib qo‘ymaslik uchun doimiy harakatda bo‘ldim. 15 yoshimdan boshlab, turli ko‘p quvvatli traktorlarni ham boshqarishni o‘rgandim. Bu texnik vositalar orqali yerni shudgorlash, kultivatsiyalash ishlarini bajarish menga umuman qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bundan tashqari, bog‘dagi ko‘chatlarga chelaklab suv tashishni osonlashtirish maqsadida ikki yilcha oldin yuz quvvatli nasosni o‘rnatishni rejalashtirgandim. Va avvaliga o‘zim lapati bilan chuqur qaziganman, keyin texnikalar jalb etganman va bu ota-onam uchun «syurpriz» bo‘lgandi. Ammo yashirmayman, jimitday jonim bilan buni ularning ko‘magisiz amalga oshirganim uchun otam biroz jahllangan ham edi (kulib)»,— deydi Xurshida.

«O‘zboshimcha» qizning suhbatida shunchaki emotsiya emas, haqqoniyat ham mujassamligi e’tiborimizni tortmay qo‘ymadi. 19 yoshida ancha-muncha yigitlar bajara olmaydigan ishni uddalayotgan qizning zamonaviy andozalarda tikuvchilikni ham mukammal o‘zlashtirishga ulgurgan ekan. 48 kilogramm vazn toifasida sportning dzyu-do turidagi muvaffaqiyatlari, ilmda ham peshqadamligi tengdoshlariga o‘rnak. Mehnatdan, hunardan qochmaydigan bunday yoshlarni bugun kam uchratamiz. Ayni paytda esa Xurshidaning ay-ti sohasiga qiziqishi ortayotgani, ingliz va rus tilini o‘zlashtirishga ham kirishayotgani diqqatni tortadi.

«Odam avvalo, o‘ziga va o‘z kuchiga ishonsa, bas! Shunda oldida turgan to‘siq va qiyinchiliklarni dadil yenga oladi. Men o‘zimga va qalbimga ishonaman. Ayni paytda esa menga ishonishlarini istayman»,-deydi Xurshida va so‘zida davom etadi: «Oliy sud tuman va viloyat sudlarining qaroriga tayanib, yer maydonlarini “Faridjon chorbog‘i” fermer xo‘jaligi foydasiga undirib bergan. Lekin sudda biz, to‘g‘rirog‘i, otam ishtirok etmagan. Lekin mana, viloyat hokimligi mas’ullarining e’tibori, masalaga to‘g‘ri yondoshuvi bilan muammoli yer davlat zaxirasiga o‘tkaziladigan va so‘ng auksionga qo‘yiladigan bo‘ldi. Ular tomonidan o‘zim yoshlik qilib, qonunni bilmagan holda aslida ekin maydoni uchun mo‘ljallangan yerda barpo etgan bog‘imni auksion orqali olishim mumkinligi tushuntirildi. Bo‘y cho‘zgan nihol va daraxtlarga shikast yetkazmagan holda yer maydonida sabzavot ekinlari yetishtirish va bozorlarni arzon mahsulotlar bilan to‘ldirish imkoni mavjud ekan. Bor kuch-g‘ayratimni ishga solaman. Mehnatda pishganman va hech qachon mehnatdan qochmayman. Menga ishonishsa bo‘ldi, bu ishonchni, albatta, oqlayman»,— deydi.

«Xabar.uz» muxbiri Xurshida Valiyeva yaratgan bog‘da bo‘lgan. Bu paytda esa qiz yaratgan bog‘dagi 30 dan ortiq daraxt ko‘chatlari qo‘porib tashlangan, payhon qilingan edi.

«Viloyat mutasaddilari biz, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun jon kuydirayotgan bir paytda endi bu holatni qanday tushunish mumkin? Axir, bularni chaqaloqni katta qilgandek, parvarishlaganman-ku?!» — deydi qiz nihollariga achingan ko‘yi.

Fermer: «insofimni yemaganman, bog‘ga ziyon yetmaydi»

Fermer xo‘jalik rahbari G‘ayrat Hamroyev esa ko‘chmas mulk ayni paytda o‘ziga tegishliligini, bu holatni esa yer maydonini tekislashga kirishgan vaqtda, ya’ni ekin ekishga xalaqit beradigan ayrim daraxt ko‘chatlarini bir kun oldin yulib tashlaganini va bu paytda qizning o‘zi traktor oldiga chiqib, qarshilik ko‘rsatganini bildirgan.

«Yashirmayman, qiz haqiqatan ogohlantiruvlarimgayam qaramadi. Ammo uning mittigina joni bilan mehnat qilganini, ter to‘kkanini tan olaman. Ko‘z oldimda tuproq kechib, chelaklab suv tashidi. Otasi bilan o‘rtamizdagi nizoda qizni ham aralashtirganimda, qonunan yer menga tegishli bo‘lganidan foydalanib, unga tish-tirnog‘im bilan qarshilik ko‘rsatishim mumkin edi-ku, axir. Insoniylik, o‘zbekchilik bois, mehnatkash qiz zahmatiga to‘siq bo‘lmay keldim. Nima bo‘lsa, ortda qoldi. Men ham insofimni yegan emasman. Daraxtlarga ziyon yetkazishni xayolimga ham keltirganim yo‘q. Bugun bu muammoli yer maydonini davlat zaxirasiga o‘tkazilishi haqida ham kengashildi. Tanlovda esa yer maydonini kim yutib olsa, uniki bo‘ladi. Tanlovda kim yutishidan qat’iy-nazar, o‘ylaymanki, bog‘ga ziyon yetkazmaydi»,— dedi G‘ayrat Hamroyev.

G‘ayrat Hamroyev «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda qishloqda aholi va mashinalar qatnovi uchun yo‘l yo‘qligi, o‘z fermer xo‘jaligi hisobidan yana ma’lum qismini zaxiraga topshirib, qishloq yo‘li yaratish ham rejasida borligini bildirgan.

«Bog‘ yaratib, tomorqa yeriga ega bo‘laman, deganlar birmas, o‘nlab topiladi. Fermer xo‘jaligimga tegishli yer maydonlarining ma’lum qismi davlat zaxirasiga o‘tkazilib, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilar ekan, men ham shu maqsadni qo‘llab-quvvatlayman va bunday takbirli qarorlarga qarshi chiqishga haqim yo‘q»,-deydi fermer xo‘jalik rahbari.

 «Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring