O‘zbekistonda faxriylar maqomi belgilanyapti. Ularga turli imtiyozlar beriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Faxriylar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, faxriylar maqomi, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyozlari hamda davlat organlarining bu sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Hujjatda faxriylarning toifalari ham mustahkamlanmoqda. Ular qatoriga urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, boshqa davlatlar hududidagi jangovar harakatlar qatnashchilari, Qurolli Kuchlar, sud, prokuratura, adliya va bojxona organlari faxriylari, mehnat faxriylari hamda alohida toifadagi faxriylar kiradi.
Loyihaga muvofiq, muayyan soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar davomida vijdonan mehnat qilib, davlat va jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan shaxslarga faxriy maqomi beriladi.
Faxriy maqomini olgan fuqarolarga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.
Jumladan:
- sanatoriy va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish;
- uy-joy kommunal xizmatlari uchun kompensatsiya;
- shahar jamoat transportidan bepul foydalanish;
- avia va temir yo‘l chiptalarida chegirmalar;
- davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish huquqi.
Shuningdek, ularni dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlash, muzeylar, teatrlar, sport va boshqa madaniy muassasalarning pullik xizmatlaridan imtiyozli foydalanish huquqi ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter