Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik tadqiqotchi «nobelchilar koni» bo‘lgan dargohga qabul qilindi

O‘zbekistonlik tadqiqotchi «nobelchilar koni» bo‘lgan dargohga qabul qilindi

Behzod Hoshimov hamda Fotima Jalolova.

Foto: Iqtisodchi kundaligi

O‘zbekistonlik tadqiqotchi Fotima Jalolova dongdor Massachusets texnologiya institutining (Massachusetts Institute of Technology – MIT) iqtisodiyot fakulteti doktoranturasiga qabul qilindi. Bu haqda iqtisod fanlari doktori, Viskonsin universiteti tadqiqotchisi Behzod Hoshimov ma’lum qildi.

«Bu – O‘zbekiston ilm-fani uchun juda katta voqea. O‘zbekistonliklarning yetakchi universitetlarda ilmiy ish qilishi o‘ta noyob hodisa. MITning iqtisodiyot fakultetida esa Fotima Jalolova, menimcha, birinchi o‘zbekistonlik. Agar mintaqadan birinchi bo‘lmasa... O‘ylaymanki, Fotimaning yutuqlari ko‘pchilik talaba va ilmiy xodimlar uchun ilhom beruvchi hodisa bo‘ladi. Niyat qilamanki, hali yuzlab o‘zbekistonlik qizlar va yigitlar, Fotimaga o‘xshab dunyoning yetakchi ilmiy dargohlarini zabt etishadi, hali har bir yetakchi universitetda o‘zbek doktorantlari, ilmiy xodimlari va professorlari bo‘ladi», – deb yozdi B.Hoshimov.

Massachusets texnologiya instituti ko‘plab xalqaro reytinglarda dunyoning peshqadam ilm dargohi safida e’tirof etiladi.

«MIT iqtisodiyoti qanday katta dargoh ekanini ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Qanday aytsam ekan, keling, futbol terminologiyasida tushuntirsam. Tasavvur qiling, MIT shunday klubki, u yerda hamma o‘yinchilar yo hozirgi «Oltin to‘p» sohibi, yo kelajakdagi «Oltin to‘p» sohibi. MITning iqtisodiyot fakultetida to‘liq professor bo‘lish uchun ham yo hozirgi Nobel sovrindori, yo kelajakdagi Nobel sovrindori bo‘lish kerak. Juda katta ilmiy dargoh. Shuning uchun ham bu ajoyib yangilik», – deb tushuntirish bergan B.Hoshimov.

Fotima Jalolova bundan oldin Nobel mukofoti sovrindori Joshua Angrist hamda boshqa bir taniqli iqtisodchi olim Parag Pathak tashkil etgan laboratoriyada ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. U Pathak va Angristning ta’lim bo‘yicha tadqiqotlariga yordam bergan.

Fotima Jalolova kelajakda davlat iqtisodiyoti (public economics), ya’ni soliq va fiskal masalalar bo‘yicha tadqiqot qilish niyatida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring