Prezident: «Islom dinida daraxtga latta bog‘lash, degan «ilm» yo‘q»
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi majlisida qilgan chiqishi davomida Islom dini ahkomlariga noto‘g‘ri yondoshib, diniy mutaassiblikka berilib ketish holatlari ro‘y berayotganini aytib o‘tdi. Prezident ayniqsa Qashqadaryo viloyatidagi vaziyatdan tashvishda ekanini ta’kidlab, XI-XII asrlarda yashab, ijod qilgan alloma Abul Muin Nasafiy merosini o‘rganishga chaqirdi.
«Oxirgi vaqtlarda Qashqadaryoda turli illatlar ko‘payib ketdi. Ilgari hech bunday bo‘lmagan, men hayronman. Endi savol paydo bo‘ladi: muqaddas Islom dinini o‘rgatish uchun kerakli ishlarni amalga oshirdikmi?
Qashqadaryoda birorta muqaddas qadamjo bormi? Biz bunday joyga yetarlicha e’tibor berdikmi? Qashqadaryo hokimidan shu haqda so‘radim va «bor», degan javob oldim. So‘rasam, qaysidir joyda bir daraxt bor ekan va ular ziyoratga borib, o‘sha daraxtga latta bog‘lab qaytar ekan.
Xo‘sh, daraxtga latta bog‘lashda qanday ilm bor ekan? Biz o‘sha joyni o‘rgandik, hech qanday muqaddas narsa yo‘q.
Qarshi shahrida Nasafiy bobomizning yodgorligi bor (Abul Muin Nasafiy ziyoratgohi — tahririyat izohi). Endi savol paydo bo‘ladi: bobomizning ilmini yetarlicha o‘rganganmizmi? Biror universitetda bir soat bo‘lsa ham uning kitoblaridan dars o‘tilganmi? Yo‘q.
Allomamiz bundan ming yil oldin aynan dinda to‘g‘ri yo‘ldan adashganlar haqida kitoblar yozib ketgan. Bu kitoblarni biz o‘qiganmizmi? Yo‘q.
Misrdagi katta-katta universitetlarda Nasafiyning kitoblari o‘rganilar ekan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter