Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Propiska» so‘zi qonunchilikdan butunlay «o‘chiriladi»

«Propiska» so‘zi qonunchilikdan butunlay «o‘chiriladi»

Foto: «Xabar.uz»

Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad shaxsiy hujjatlari bilan bog‘liq munosabatlarda mavjud muammo va kamchiliklarni, shuningdek, doimiy propiska bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladigan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish, amalda bo‘lgan biometrik pasport bilan bog‘liq yangi huquqiy munosabatlar joriy qilingani bois qonunchilikni takomillashtirishdan iborat.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda «propiska» so‘zi ma’nan eskirgan va ushbu atama fuqarolar ongida «to‘sqinlik qiluvchi», «erkinlikni cheklovchi» degan tushunchalarni keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan, qonun hujjatlardagi «doimiy propiska qilish» va «turgan joyi bo‘yicha hisobga olish» tushunchalarini «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» va «vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchalariga almashtirilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan O‘zbekiston prezidenti qaroriga asosan xorijga chiqish biometrik pasporti joriy qilingani sababli qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, bir qator qonunlarga biometrik pasportga oid ishlatilayotgan tushunchalar kelgusida identifikatsiya ID-kartasi bilan qo‘llanilishi sababli identifikatsiya ID-kartasi tushunchasi kiritish belgilanmoqda.

Qonun qabul qilinishi natijasida huquqni qo‘llash amaliyotida «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» normalarining bir xilda bo‘lishi hamda bir xil ko‘rinishda qo‘llanilishiga, identifikatsiya ID-kartasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tushunchalar va huquqiy qoidalar moslashtirilishiga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring