Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Qishloqdagi hayot: yangi «Chevar»ni qiynab kelgan eski muammolar (video)

Qishloqdagi hayot: yangi «Chevar»ni qiynab kelgan eski muammolar (video)

«Buxoro viloyati Kogon tumanining «O‘ba cho‘li» mahallasidagi yangi nomdagi Chevar, eski Yuqori Yobu qishlog‘idan murojaat qilyapmiz. 20 yilcha avval qishlog‘imizga toza ichimlik suvi quvurlari tortilib, suv bilan ta’minlangan edi. Biroq, 7-8 yildan beri suv muammosida qiynalamiz. Bir yildan ortiq vaqtdan beri quvurlardan umuman suv kelmay qolgan. Bormagan joyimiz, kirmagan eshigimiz qolmadi. Yuqoriga yozsak ham yana masala yechimi Kogon tumani hokimligiga qaytarib yuboriladi. Qishloqni kesib o‘tuvchi zovur quvuridan aholining foydalanishi uchun nosoz qurilma bilan shlang tushirib qo‘yilgan. Unda ham deyarli, suv yo‘q. Bu ham yetmagandek, zovur ko‘prigi ta’mirtalab: o‘nqir-cho‘nqir va qumloq. Shag‘al nomigagina tashlangan. Avtotransport vositalarining qatnoviga xavf tug‘diradi: turli xil shikastlanishlarni yuzaga keltirishi bor gap. Va ko‘p bor shunday bo‘lgan ham. Qishloqdagi «Qizbibi» qabristoniga olib boruvchi yo‘l asfalttalab. Qabristondagi janozaxona o‘n yildan ortiq vaqtdan beri xaroba va ta’mirtalab ahvolda. Bu borada bir marta emas, bir necha marotaba tuman mutasaddilariga bildirdik. Biroq, foydasiz...» – deyiladi murojaatda.

Tan olib aytamizki, ushbu murojaat bizga 2024 yilning 11 may kuni kelib tushgan. Tuman mutasaddilari bilan telefon orqali muloqotga kirishganimizda, murojaat qilgan fuqarolarning «yozuvchi»ligi, aslida, bunday emasligi: «Zovur ko‘prigi soz holatda, qabristonga olib boruvchi yo‘l asfaltlashtirishga muhtoj emas va u qabriston ham ta’mirtalab ahvolda emas. Haftaning har ikki kunida traktor orqali suv yetkazib beriladi», – degan javob olgan edik. Taqdim etilgan suratlarga ko‘ra, bunga ishongan edik ham, hatto. Afsuski, Chevar qishlog‘i aholisini tashvishlantirib kelayotgan muammolar bo‘yicha shaxsan tuman hokimiga ham ma’ulmot berilgan edi.

Zovur ko‘prigi – xavfli barera

«O‘ba cho‘li» mahallasining ichki yo‘llari aro manzil sari borar ekanmiz, bizni bundan uzoq yillar ilgari asfalt yotqizilgan, ammo, o‘nqir-cho‘nqir, pastu baland qishloq yo‘llari qarshi oldi. Biz borayotgan avtomashina so‘nggi rusumdagi transport vositasi bo‘lsa-da, yurish ancha qiyin kechdi. Chang osmonga ko‘tarilgani yetmagandek, shag‘al toshlari avtomashina derazalariga tinimsiz urilardi.

Qishloq yo‘li, shu-da! – deydi shu qishloqda yashovchi Sayfullo G‘aybullayev. –Asfaltlashtirilganiga 40 yillardan oshgandir-ov. Shikastlangan joylariga yo nomigagina shag‘al keltirib to‘kishadi yoki qum bilan to‘ldirib qo‘yishadi. Qarabsizki, qatnov yo‘llarida o‘ralar soni oshgan. Muammolarni aytaverib, charchadik. Gapirsang, «yozuvchi»ga chiqasan. Gapirmasang, e’tiborsizlik battar oshib ketaveradi.

«O‘ba Cho‘li» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nozim Haydarovning aytishicha, Chevar qishlog‘ida jami 91 xonadon, 98 ta oila, 380 nafar aholi bor. Qishloqning o‘zbek mahallasi  bilan lo‘lilar mahallasini yirik zovur ajratib turadi. O‘zbek taraf yo‘li salkam 40 yilcha ilgari asfaltlashtirilgan bo‘lsa, lo‘li taraf endi shag‘allashtirilgan.

Yomg‘irli kunlarda yo‘llar loyli gilam bo‘lsa, qurg‘oqchilikda esa chang muammolarga sabab bo‘lib kelgan, – deydi fuqarolardan biri. – Yo‘llarning yetarli darajada ta’mirlanmagani aholining ish, maktab va tibbiy xizmatlarga borishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Shag‘allar esa nomigagina to‘kib ketilgan. Ishonsangiz, yo‘lovchi tashish taksilari ham, hatto, ichki yo‘llargacha kirishmaydi.

Ahvolni kuzatar ekanmiz, zovur ko‘prigining o‘nqir-cho‘nqirligi qishloq markazini boshqa mahallalar bilan bog‘lovchi xavfli barer ekaniga amin bo‘lasiz. Ikki yon tomoni temir konstruksiyalar bilan to‘silmagan. Har qanday vaqtda yomon hodisa bo‘lishi ehtimoli baland. Bu, nafaqat, xavfsizlikni ta’minlamaydi, balki keksalar, bolalar va yoshlar uchun ham  katta tashvish manbasidir.

Mutasaddilar sukuti – e’tiborsizlik

Aholi ko‘prikni yangilash yoki ta’mirlashni juda zarur, deya ta’kidlaydi. Foydalanish uchun suv tarmog‘i – zovurni kesib o‘tuvchi ta’mirtalab ahvoldagi bittagina quvur. Ushbu quvur ham zovurning xavfli qismida qo‘lbola tarzda shlangga ulab qo‘yilgan. Odamlar shundan foydalanib kelgan.

Fuqaro Rasul Sultonov qishloq aholi salkam o‘n yildan buyon suv muammosida qiynalib kelayotganini so‘zlaydi: – Qishlog‘imiz aholisini toza ichimlik suvi bilan qo‘llab-quvvatlashda jiddiy muammolar mavjud. Bu esa aholini bir necha kilometr masofadan suv olib kelishga majbur qilmoqda.

Nega, aytishlaricha, har haftada qishloqqa traktor orqali suv olib kiritilar ekan! – deymiz.

U suvni ichib bo‘lmaydi, bolam. Ayniqsa, bolalar va keksalarning sog‘lig‘i uchun xavfli, – deydi suhbatdosh.

Qishloq ayollari suhbatga aralashdi: – Traktor bilan keltiriladigan suv toza emas, zang. U bilan zo‘rg‘a yuvinamiz, xolos. Iste’molga yaroqsiz. Haydovchiga bu haqda e’tiroz bildirsak, «Shukur qiling, shuniyam keltirayotganimizga» deb iddao qiladi. Biz qaysi zamonda yashayapmiz o‘zi?! Ichimlik suvining yetarlicha yo‘qligi – hayot uchun xavfli muammo emasmi? Bizni o‘ylantirayotgani mutasaddilarning sukuti, ularning e’tiborsizligi.

Va’da bor, amal yo‘q!

Hudud aholisi bir necha bor mahalliy mutasaddilariga, jumladan, tuman hokimiga ham murojaat qilgan. Ammo, natija yo‘q. Qishloq odamlari «Bizni eshitadigan, ko‘radigan rahbar yo‘qmi? Hammasining va’dasi yolg‘on!» degan ishonchsizlikka berilishgan.

Bizga toza ichimlik suvi, deb traktorda keltirishayotgani 3-4 kundayoq hidlanadi. Hatto, uni  ichida qurtlar paydo bo‘ladi. Xo‘sh, uni ichish mumkinmi? Kir yuvamiz, mol sug‘oramiz, xolos. Iste’mol uchun do‘konlardan bakalashkali suvlar xarid qilamiz. Ikki baravar ko‘p pul sarflayapmiz. Tomorqa yerlarni sug‘orish haqida-ku, gapirmasayam bo‘ladi. Yana «yashil olam» talab qilishadi? – ranjib so‘zlaydi murojaatchilar.

Haqiqatan ham aholining bizga ko‘rsatishicha, traktor orqali keltiriladigan suvlarning iste’molga yaroqsiz ekanini anglash qiyinmas.

Biz, lo‘li taraf hududda, hatto, infratuzilma nobop. Kadastr masalalari yechimi og‘ir. Muammoni bartaraf etish o‘rnida, hali u-hali bu bahonani ro‘kach qilishadi. Ko‘pchiligimizda tabiiy gazdan foydalanishimiz uchun quvurlar o‘tkazilmagan. Quvur o‘tkazilganlariga esa schyotchik qurilmasi o‘rnatilmagan. Xuddi bo‘zchining mokkisiday u yoqdan-buyoqqa, bu yoqdan-u yoqqa sarson qilishadi. Hatto, kelib-ketayotgan jurnalist va blogerlarga ham ishonmay qo‘ydik! Qishlog‘imiz taqdiri kimni qiziqtiradi, o‘zi?! –deyishdi.

Bu biz uchun ham nechog‘li og‘ir va ozorli baho bo‘lmasin, kichik qishloq aholisining uzoq yillardan beri qo‘l siltab qaralayotgan va yechim kutayotgan shikoyatini mahalliy mutasaddilar va tuman hokimiga yana bir karra eslatishni lozim topdik.

«Open budjet»da «yutmasak», yo‘l tashlandiqligicha qolib ketaveradimi? »

Murojaatda ko‘rsatilgan «Qizbibi» qabristonida ham bo‘ldik. Tashqi tarafdan atrofi temir to‘siqlar bilan o‘ralgan. Ichki tomon esa e’tiborga muhtoj. Aholining so‘ziga ko‘ra, bundan o‘n yilcha ilgari janoza o‘qish va qur’on tilovat qilishga mo‘ljallanib, tiklanishi boshlangan peshayvon hali-hanuz bitmagan. Tikanu begona o‘tlar bilan qoplangan g‘ishtlar bundan o‘n yilcha ilgari qanday keltirib qo‘yilgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha holatda. Qurigan o‘t-hashaklar olovda yoqib yuborilgan.

Mahallamizda 7 ta qabriston bor. Boshqalarida bunday holat kuzatilmaydi.  Ushbu qabriston yo‘li 1 km 165 metr uzunlikdagi yo‘l. Yaqinda qabriston yo‘liga aholi ko‘magi bilan shag‘al to‘shaldi. Qolgan muammolarini aholi bilan birgalikda, hamjihatlikda tez kunda bartaraf etamiz, – deydi mahalla raisi Nozim Haydarov.

Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi yo‘l bo‘limi boshlig‘i Murod Allaberganov qishloq aholisini tashvishlantirib kelayotgan nosoz va ta’mirga muhtoj ichki yo‘llarning ta’mirlanishi bilan bog‘liq masalalar faqat «open budjet» orqali bartaraf etilishini bildirdi. Bu esa odamlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

– «Open budjet»da ovoz berishga odam soni yetmasa, unda-chi, unda tashlandiqligicha qolib ketaveradimi? O‘tgan yil qabriston yo‘lini o‘z hisobimdan shag‘allashtirdim. Ichki yo‘lda esa tashlangan shag‘alni yoyish uchun «greyder» topib bermadingiz.  Xotinim bilan o‘g‘lim yoydi shag‘alni! – deydi Sayfullo G‘aybullayev asabiylashgan ko‘yi.

Qishloqning bir muammosini aytib ulgurmay, ikkinchi muammosini ham aytib qolishga ulgurishga harakat qilayotgan odamlarni uzoq tingladik. 

Kogonda suv ta’minoti uchun 33,7 million dollar mablag‘lar ajratiladi

«Buxoro suv ta’minoti» AJ Kogon shahar filiali boshlig‘i o‘rinbosari Ilyos Ne’matov nafaqat «O‘ba Cho‘li» mahallasi, balki butun Kogon tumanini suvlashtirish dasturiga kiritilganini ma’lum qildi.

Kogon tumanini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ikkita loyihamiz bo‘lyapti. Birinchisi – Islom taraqqiyot banki va OPEC Xalqaro jamg‘armasi loyihasi doirasida quruvchi tashkilotni aniqlash maqsadida tender ishlari o‘tkazilyapti. Ikkinchi loyihamiz – O‘zbekiston Respublikasm Vazirlar Mahkamasining 482-sonli qarori doirasida bo‘lib, Kogon tumanida 138,8 km ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi. Ikkita suv uzatish inshooti rekonstruksiya qilinadi, bitta yangi suv uzatish inshooti quriladi. Kogon tumanining «O‘ba cho‘li» mahalla fuqarolar yig‘inida 36,6 km ichimlik suvi tarmoqlari yangidan quriladi, – dedi Ilyos Ne’matov.

«Buxoro suv ta’minoti» AJ rahbari Shohruhali Sadillayevning «Xabar.uz»ga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki                                                             ishtirokida «Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 33,7 million dollar mablag‘lari asosida «Kogon shahri va Kogon   tumanida suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish» bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi. Bunda Kogon shahrida 1 ta, Kogon tumanida 2 ta suv tarqatish inshootini rekonstruksiya qilish hamda 1 ta suv taqsimlash inshootini qurish rejalashtirilgan.  98,0 km masofali ichimlik suv tarmoqlari o‘tkaziladi.

138,8 kilometr masofali ichimlik suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilinadi. Kogon tumanidagi  24 ta mahallasi to‘liq suvlashtiriladi. Bu orqali mavjud 18435 ta xonadonning 86899 nafar axolisi hamda shuningdek, Kogon shahridagi  12 ta mahallasida 18042 ta xonadonning 99629 nafar aholisi ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi, – dedi Shohruhali Sadillayev.

Yechim: qilsa bo‘larkan-ku!

Maqola tayyorlash jarayonida Kogon tumani hokimi matbuot kotibi Aziz Qahhorov mas’ullarning Chevar qishlog‘i aholisini qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga kirishishgani va qolganlari ham bosqichma-bosqich ado etilishini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, tabiiy gaz quvurlari va schetchik o‘rnatish bilan bog‘liq odamlarni tashvishlantirayotgan masalalarning bartaraf etilishi yo‘lga qo‘yila boshlagan. Kadastr masalalari ham tez kunlarda o‘z yechimini topishi bildirildi. «Kogontumangaz ta’minoti» bo‘limi boshlig‘i Husen Habibov tez kunlar ichida hududda kadastr masalalari o‘z yechimini topgach, boshqa barcha xonadonlar ham schetchik qurilmalari bilan ta’minlanishini bildirdi.

Ko‘rganingizdek, lo‘li mahallasi ichki yo‘llari sifatli shag‘allashtirilmagan edi. Kuni kecha yo‘llar greyder buldozerlari bilan tekislanib, mustahkamlandi. Tahririyatga minnatdorlik bildiramiz, singlim. Biz uchun eng zaruri va o‘ylantiradigani – suv masalasi. Xushxabarlar kutamiz! – deydi aholi vakillari.

Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, qishloq ichki yo‘llaridagi nosozliklarni ham bartaraf etish ishlari boshlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring