Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Buxoro: abituriyentlar soni kamayib boryapti, ballar esa oshmoqda (foto)

Buxoro: abituriyentlar soni kamayib boryapti, ballar esa oshmoqda (foto)

Muallif olgan suratlar

Respublika miqyosida 2025–2026-o‘quv yili uchun test sinovlari yakunlanganidan xabaringiz bor.

Bilim va malakalarni baholash agentligi Buxoro viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Izzatulla Rahmonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, 2025–2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan abituriyentlar orasida Buxoro viloyatida test topshirish uchun jami 32 526 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Bu ko‘rsatkich 2024–2025-o‘quv yili bilan solishtirilganda, 8 349 nafarga kam. Oliy ta’lim muassasalariga test topshiruvchi abituriyentlar soni yildan-yilga pasayib borayotgani sir emas. Test sinovlaridan o‘tish maskanlari oldining har yilgidek abituriyentlar bilan gavjum bo‘lmaganidan ham buni anglash qiyin kechmadi.

«To‘g‘ri, o‘tgan yili Buxoro viloyati bo‘yicha 40 875 nafar abituriyent test topshirishga ariza bergan edi. Joriy yilda esa jami 32 526 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 30 371 nafari, ya’ni 93 foizi imtihonlarda qatnashdi. Qolgan 2 155 nafar abituriyent yoki 7 foizi test sinovlarida qatnashmadi. O‘tgan yil test sinovlaridan 5 nafar abituriyent chetlatilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich faqatgina 1 nafarni tashkil etdi.  Bu abituriyent nizom talablariga amal qilmagani uchun imtihon jarayonidan chetlatildi. Ammo, aytish joizki, abituriyentlar son jihatdan kam bo‘lsa-da, bilim darajasi o‘tgan yilgilar bilan solishtirganda, 4-5 barobar yuqori ball ko‘rsatkichini namoyon etdi. Shu o‘rinda, xususiy oliygohlarda raqobatbardoshlik yuqori, biroq, davlat ta’lim muassasalari ulushi juda katta ekanini ham aytib o‘tmoqchiman», — dedi Izzatulla Rahmonov.

O‘n kun davom etgan test sinovlarida har smenada 1 740 nafar, bir kunda esa 3 480 nafar abituriyent test sinovlarini topshirgan. Sinovlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi mas’ul xodimlari va agentlik tomonidan o‘tkazilgan ochiq tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda shartnoma imzolagan 129 nafar xodim guruh nazoratchisi sifatida ishtirok etgan.

«E’tiborni faqatgina songa qaratmasdan, bo‘lg‘usi talabalarning bilim darajasi yuqorilashib borayotganiga qaratadigan bo‘lsak, bunda har yilgidan ijobiy jihatni natijani ko‘rish mumkin. Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan yili respublika bo‘yicha test sinovini muddatidan oldin topshirgan bir nafar abituriyent 189 ballni qayd etgandi. Joriy qabulda esa 658 nafar abituriyent 189 ball to‘pladi.  Bu havas qilarli», — dedi Izzatulla Rahmonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring