Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Qizlarni «qari qiz» demang

Qizlarni «qari qiz» demang

Bugun «Qizlar ovozi» forumi doirasida Modul5 loyihasining maxsus sonida spiker sifatida qatnashdim.

Forum Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Zal to‘la qizlar, aksari 20-30 yoshning nari-berisida. Biri talaba, biri talaba bo‘lmoqchi, yana birovi allaqachon hayotda o‘z o‘rnini topgan. Ularni bu forumga muloqot, mushohada, ilm-ma’rifat ishtiyoqi olib kelgan.

Yoshlar faqat shou biznes yulduzlariga ergashadi, ularni tinglaydi degan qarashlar o‘zgardi: bugun mikrofon turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan insonlar qo‘lida. Fikr, muhokamaga ham odamlar qiziqishyapti.

Modul5 ning birinchi spikeri Nigora Akilova 18 yoshida Sobiq ittifoqning eng nufuzli universitetida o‘qish imkoniyati bo‘lganda turmushga chiqib ketgani, keyin o‘n yil davomida uyda onalik va ayollik vazifalarini bajargani, shu jarayonda mustaqil ilm bilan shug‘ullanib, til o‘rganib, 28 yoshida ish izlagani, xorijiy universitetga grant yutib o‘qishga ketgani, keyin nufuzli xorijiy va mahalliy tashkilotlarda ishlagani, xullas muvaffaqiyatsizliklarni yengib, muvaffaqiyatga erishib kuchli ayol bo‘lib shakllangani tarixini aytar ekan xayolimga «Amerikanskiye gorki» keldi: ko‘tarilasan-tushasan, yana ko‘tarilasan, yana tushasan... Kuchli shaxs shunday shakllanadi: yengilsa, yana tik turib, yengsa – to‘xtab qolmay...

Aktrisa Ra’no Shodiyeva ham o‘z shaxsiy hayotiy tajribalariga asoslangan kuchli chiqish qildi. Yana o‘zi rahbarlik qilayotgan imkoniyati cheklangan insonlar uchun faoliyat yuritadigan nodavlat-notijorat tashkiloti faollarini ham sahnaga olib chiqdi. U insonlarni aslo imkoniyati cheklangan deb bo‘lmaydi, ular imkoniyat aslida chegarasiz ekanini, inson uni istagancha kengaytira olishini ko‘rsatib berishdi.

Men ham nimalardir dedim. Ayniqsa, yoshi kattaroq bo‘lib qolgan qizlarni «qari qiz» deb tamg‘alab, o‘ziga bahosini tushirishlarini, keyin bu ularning «turmushga chiqish uchungina turmushga chiqishga» majburlashi, qizlarimizni shoshirib, noto‘g‘ri qarorlarga undab qo‘yishimiz mumkinligini aytgan joylarim zalda ancha olqish oldi (o‘zim kutmagandim).

Forum ancha qiziq davom etyapti. Birozdan so‘ng «Yosh kuch» jurnalining yangi soni taqdimoti bo‘ladi. «Yosh kuch» men uchun juda qadrli — bir paytlar shu jurnalning bosh muharriri bo‘lganman. Jurnal tarixida 2 tagina ayol bosh muharrir bo‘lgan. Ikkinchisi hozirgi bosh muharrir – olima Iroda Dadajonova.

Bu haqida keyin yana yozaman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring