Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qodiriy boshidan o‘tgan kunlar

Qodiriy boshidan o‘tgan kunlar

Adibning o‘g‘li Habibulla Qodiriy hikoya qiladi.

...Boloxona uyimizda kechki taomdan so‘ng dadam, Rahimberdi, Qudratilla amakilarim choy ichishib, undan-mundan so‘zlashib o‘tirishar edi. Dadam dedilar:
– Kecha meni yozuvchilar soyuziga chaqirishdi...
– Nima yangilik, aka? – deb so‘radilar Qudratilla amakim.
– Hozir soyuzda yozuvchilarni “tozalash”, saragini-sarakka, puchagini-puchakka ajratish ishlari qizg‘in boryapti...

To‘rt-beshta yozuvchilardan iborat komissiya bir yozuvchini chaqiradilar-da, ko‘ngillariga kelgan savolni galma-gal beraveradilar. Bechora yozuvchi sho‘rva ichgan ko‘rday terlab javob qilaveradi. Yozuvchiga bundan ham razolatliroq jazo bormi?
– Masalan, qanday savollar berishadi, aka?
– Nega millatchi bo‘lgansan, yozganlaringda millatchilik ruhi bor, shuni bo‘yningga olasanmi, yo‘qmi?

Sovet hukumatini yoqtirmaysan, falon vaqtda falonchining uyiga borgansan, o‘shanda nimalar haqida gap bo‘lgan, u senga nima dedi, sen unga nima deding, qanday kitob ko‘rsatdi?
Falon vaqtda uyingga falonchilar kelgan, o‘shanda nima to‘g‘risida gap bo‘lgan? Falonchi yosh yozuvchini nima deb ranjitding?.. Shunga o‘xshash bachkana, miji-miji, kovla-kovla gaplar...

– Sizga ham savol berishdimi, aka?
– Berishdi... Anqaboy degani savol berdi: “Sizning kim va qanaqa yozuvchiligingizni bilamiz, savolimiz shu: “Xudo bormi, yo‘qmi?”
Hammalari jim bo‘lib qoldi. “Bor”, dedim.
“Qanday isbot qilasiz borligini?”

Uning e’tiborsiz, yuzaki, mensimaganday bergan savoli g‘ashimni keltirdi:
“Xudo bormi-yo‘qligini isbot qilish o‘ylaganingizcha oson, bo‘yoqchining nili emas. Buning uchun hech bo‘lmaganda, arab, fors, turk, rus tillarini mukammal bilishingiz va bilibgina qo‘ymay, o‘sha tillardagi diniy manbalarni sinchiklab o‘qigan, o‘rgangan, falsafiy mushohada qilgan bo‘lishingiz kerak.

Shundagina diniy munozaraga kirisha olishingiz mumkin. Masalan, “Ixlos” surasini o‘qing-chi, men sizga muqaddima o‘rnida sharh qilib beray!..” dedim.
Anqaboy anqayib qoldi. Rayosatda jim o‘tirgan siyosiy idora vakillari: “Bunaqa masalalarni qo‘yinglar!” deb luqma solishdi.

Rahimberdi amakim dedilar:
– Dilingda bo‘lmasa ham, tilingda “yo‘q” deb qo‘ya qolsang bo‘lardi, uka.
– O‘rislarning shunday zo‘r yozuvchilari borki, e’tiqod bilan yashaydilar va hozir ham balki yasharlar. Ularga hech kim bir narsa demagan, demaydi ham. Axir bu konstitutsiyamizda shunday ko‘rsatilgan, – dedilar. – Endi men bir kishining ikki og‘iz so‘zi deb qirq yillik iymonimdan qaytaymi? Munofiqlik, vijdonsizlik bo‘lmaydimi bu!..»

Bu voqea O‘rta Osiyoga tomon esib turgan bo‘ronlarning biri va ashaddiysi edi.

«Otamdan xotira» kitobidan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring