Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev «95-95-95» strategiyasi ko‘zda tutilgan qarorni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev «95-95-95» strategiyasi ko‘zda tutilgan qarorni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qarorda quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun «95-95-95» strategiyasi olg‘a surilgan bo‘lib, uning doirasida OIV infeksiyali shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishlari, 95 foizi maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishlari hamda 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish maqsadi belgilangan.

Hozirda OIV infeksiyali shaxslarning 85 foizi o‘z maqomini biladi, retrovirusga qarshi maxsus terapiya bilan davolash qamrovi 79 foizni, virus yuklamasining pasayishi 74 foizni tashkil etadi.

Mazkur strategiyaga muvofiq tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023–2027-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda (qarorga ilova).

Ushbu Dasturni amalga oshirish uchun 2023–2027-yillarda jami 120 mlrd so‘m va 54 mln dollar yo‘naltiriladi (Davlat budjetidan 110 mlrd so‘m va 28 mln dollar, shuningdek, OITSga, sil kasalligiga va bezgakka qarshi kurashish Global jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 18 mln dollar, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarz mablag‘lari hisobidan 7,5 mln dollar, xalqaro tashkilotlardan 9,5 mlrd so‘m grant mablag‘lari).

Dastur doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

a) OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida:

– har yili kamida 3 mln aholi tekshiruvlar bilan qamrab olinadi va buning uchun 11,4 mln dona diagnostik test-tizimlari (ekspress, IFA testlari) xarid qilinadi;

– OITSga qarshi kurash markazlari OIV infeksiyasi diagnostikasi va davolash samaradorligini monitoring qilish uchun zarur 587 mingta diagnostik vositalar (immunoblot, PZR va SD4) bilan ta’minlanadi;

– 50 ming nafar aholini maxsus davolash kurslari bilan qamrab olish uchun 22 turdagi retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilinadi;

– OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan 2 ming nafardan ortiq 6 oygacha bo‘lgan bolalar quruq sut aralashmasi bilan ta’minlanadi;

b) sog‘liqni saqlash organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi yuqishi ehtimoli yuqori guruhlar (giyohvandlar va boshqalar) orasida profilaktik tadbirlar olib boriladi;

v) aholi orasida keng targ‘ibot-tushuntirish ishlari tashkil etiladi;

g) 2023-yil 1-iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar boshqa hududlarda FHDYo organlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuv tizimi joriy etiladi;

d) 2023-yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta’minlash, real vaqt rejimida dori va diagnostik vositalarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratiladi;

Buning uchun BMTning Rivojlanish dasturi orqali 100 ming dollar ajratiladi.

ye) Respublika OITSga qarshi kurash markazi laboratoriyasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi va o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari xalqaro tan olinishi ta’minlanadi;

j) hududiy OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasi rivojlantiriladi, jumladan:

– 15 ta markaz binolari hamda ularning 20 ta tumanlararo laboratoriyalarida qurilish, kapital ta’mirlash, rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshiriladi;

– markazlarning poliklinika bo‘limlari 3 turdagi (EKG, densitometr, UTT) va laboratoriyalari 21 turdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi;

z) mutaxassislarning kasbiy salohiyati oshiriladi, shu jumladan kamida 50 nafar tibbiyot xodimlari xorijga malaka oshirishga yuboriladi, OIV infeksiyasi bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring