Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarixiy to‘siqlardan omon chiqqan zandanicha mato

Tarixiy to‘siqlardan omon chiqqan zandanicha mato

Buxoro hunarmandlik va savdo taraqqiy etgan shaharlardan biri sifatida tilga olinadi. Ayniqsa, buxorolik hunarmandlar tayyorlagan matolar mo‘g‘ullar davridayoq mashhur bo‘lgan. Rashididdin yozib qoldirgan ma’lumotlarning birida Buxorodan uch savdogarning Xitoy tomon yo‘lga chiqishi, bu vaqtda Chingizxon Shimoliy Xitoyni istilo qilish bilan band bo‘lgani va savdogarlarning Chingizxon bilan uchrashgani, savdogarlarning Xitoyga olib borayotgan mahsulotlari orasida zarboft, zandanicha, karpas kabi matolar bo‘lgan. Chingizxon buxorolik savdogarlar mahsulotini ko‘rib, garchi ularning qiymati 10-20 dinor atrofida bo‘lsa-da, zarboftning bir bo‘lagiga bir bolish oltin bergan. Zandanicha, karpas matosining bir bo‘lagiga esa bir bolish kumush to‘lanishini buyurgan. Afsuski, mo‘g‘ullar istilosi va undan keyingi o‘zaro kurashlarda Buxoroda hunarmandlikning ko‘p turlari yo‘qolib borgan. Bu zandanicha matoning tarixiy tuzum o‘pqonlariga ilk to‘siqqa uchragan davri bo‘lgan. Shunga qaramasdan, u bu dovondan eson-omon o‘tgan.

Ma’lumot o‘rnida: Zandanicha - bu Buxoroda to‘qilgan mashhur matolardanbiri bo‘lib, uning nomi «zandani» so‘zidan kelib chiqqan. «Zandani» so‘zi, aslida, turma yoki mahbuslarni anglatadi. Afsonaga ko‘ra, bu mato dastlab, qamoqxonadagi mahbuslar tomonidan to‘qilgan bo‘lishi mumkin. Biroq, boshqa manbaalarda «zandanicha» atamasi Buxoroning ipakchilik sanoati bilan bog‘liq.

Bu mato o‘ziga xos an’anaviy naqsh va to‘qimachilik usuli bilan ajralib turadi. Mato qo‘lda to‘qiladi, va asosan, ipak yoki ipak va paxta aralashmasi ishlatiladi. Yorqin ranglar iborat bo‘lib,  ko‘pincha gulli yoki geometrik naqshlarga ega bo‘lib, undan qadimda amirlar, saroy ahli va boy savdogarlar liboslari uchun foydalanilgan.

Sovet davrida esa zandanicha mato keyingi to‘siq bosqichini boshidan kechirgan. Bu davrda ipakchilik va to‘qimachilik sanoati fabrikalashtirilgan va zandanicha kabi an’anaviy matolar ishlab chiqarish qisman kamaygan. Biroq, zandanicha mato ishlab chiqarishning hali-haligacha saqlanib kelinayotgani kishini quvontiradi. Bugungi kunda esa zandanicha milliy kiyimlar, uy bezaklari, milliy sehuvinerlar tayyorlashda ham keng foydalanilmoqda.

Bu mato ilk bora Buxoro viloyatining Peshku tumani hududidagi Zandani qishlog‘i hunarmandlari tomonidan yaratilgan. Tuman markazidan 12 kilometr uzoq masofada joylashgan ushbu qishloq uzoq tarixi, tabiati va azal urf-odatlari bilan viloyatning boshqa ko‘hna qishloqlaridan ajralib turadi. Tumandagi «Zandani» mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga kiruvchi, ekin maydonlari Qizilqum sahrosiga tutashib ketgan Zandani qishlog‘ida hozirda salkam 800 nafar aholi istiqomat qiladi.

Qadimda ushbu qishloq tepaliklardan iborat bo‘lib, undan qo‘rg‘on sifatida foydalanib kelishgan. Hozirgacha  bu tepaliklarning bir qismi saqlab qolingan va shundan Zandani qishlog‘i tarixi moziyning teran va ko‘hna ildizlariga bog‘liq.

Tarixda «Zandani» atamasi ilk bor Abu Bakr Muhammad ibn Jafar Narshaxiyning milodiy 943-944 (hijriy 332) yillarda yozilgan «Buxoro tarixi» asarida tilga olingan. Bu qishloqda katta qal’a, jome’ masjidi va bozorlar bo‘lgan. Zandonada ilk o‘rta asrlarda to‘qilgan bo‘z zandonachi, ya’ni «Zandona qishlog‘idan chiqadigan» gazlama deb atalgan. Buxoroning ko‘plab qishloqlarida, masalan: Vardonze, Iskajkat, Romitan va Afshonada to‘qib chiqarilgan bunday gazlamalar ham shunday nomlanib, o‘rta asrlarda Hindiston, Yaqin va O‘rta Sharq hamda Yevropa davlatlariga olib chiqilgan.

 Qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Buxoro viloyati koordinatori Shohruh Amonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, to‘qimachilik sivilizatsiyasiga beshik bo‘lgan Zandani qishlog‘i Buxoroning yangi turistik manzillaridan biriga aylangan.  Uning aytishicha, zandanachi gazlamasining shuhrati so‘nggi o‘rta asrlarda ham baland bo‘lgan. Hukmdorlar va ulug‘ kishilar bu matodan kiyim tiktirganlar va uni kiyishni o‘zlari uchun sharaf hisoblaganlar.

- Hattoki, Amir Temur ham Turonda hokimiyatni egallashdan avval opasi va boshqa yaqinlarini Zandani va Vardonze o‘lkasiga qoldirib, shu matodan oila a’zolariga kiyim tiktirgan ekan. Zandanicha matolari O‘rta Osiyoning boy bezakli ipak matosi, u G‘arbda eng keng tarqalgan bo‘lib, bir vaqtlar mashhur to‘qimachilik ishlab chiqarish markazi bo‘lgan. Tarixda yozilishicha, Buxoro yaqinidagi ushbu qishloqda ishlab chiqarilgan matolar avj olib, keyinchalik mamlakat bo‘ylab ham tarqala boshlagan. Zandaniychi mato ishlab chiqaruvchi markazlar ko‘paygan. Shunday bo‘lsa-da, boshqa joylarda ham uning asl nomi saqlanib qolavergan,-deydi Shohruh Amonov.

Ma’lum bo‘lishicha, bu mato Hindiston va Iroqqa yuborilgan, chunki u o‘ta pishiqligi, harir va go‘zalligi bilan o‘sha davr zodagon tabaqalari tomonidan yuqori baholangan. Hatto Yevropa qirolichalari ham Zandaniychi matosidan ko‘ylak kiyishni yaxshi ko‘rganlar. Ular uchun maxsus qimmatbaho mato yetkazib turilgan. Arab xalifasi ma’murlarining esa soliqlarni pul bilan emas, mashhur Zandana matosi va va gilam bilan olishgani ham tarixiy haqiqatlardan.

- Aslida ipakning vatani Xitoy bo‘lsa ham Zandanichi ipak matolari G‘arb va Sharqqa sotilishi bilan birga, Xitoyning o‘ziga ham tarqalib ketgan. Xususan, parcha, deb nomlanuvchi zandana matosi 718 - 719 yillarda Buxoro shahridan Xitoy imperatoriga yuborilganligi haqida ma’lumotlar bor. VI - VIII asrlarda ishlab chiqarilgan Zandaniychi matolari parchalari G‘arbiy Yevropaning bir nechta muzeylarida bugungi kunda saqlanib qolingan. Belgiyadagi Yun shahri soborida ham saqlanayotgan ushbu noyob ipak mato parchasini o‘rganayotgan san’atshunos olim, fransuz tadqiqotchisi D.Shepard unda siyohda bitilgan bojxona yozuvi va muhrini topgan va uni o‘qishga muvaffaq bo‘lgan,-deya so‘zlab beradi Shohruh Amonov.

 Ma’lumot o‘rnida: ushbu parchada so‘g‘d yozuvida bo‘lib, matoning uzunligi, hajmi, vaqti haqidagi ma’lumotnoma ekan. Ushbu muhrning o‘qilishi ko‘p noaniqliklarga oydinlik kiritgan. D.Shepard Yevropaning qator mamlakatlarida saqlanayotgan. Zandaniychi matosini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Va Sharqiy Turkistondagi Dun-Xuan manzili topilmalari orasida ham shunday matolar borligi aniqlangan.

Aytilishicha, zandanachi matosi ko‘ndalang qatorlarda joylashgan medalonlardan iborat naqshlar bilan bezatilar ekan. Medalonlar oralig‘iga o‘simlik tasviri tushirilib, boshqa turdagi bezaklar romb, kvadrat, geometrik ifodalangan gullar va hokazolardan iborat bo‘larkan. Fransuz tadqiqotchisi D.Shepard ushbu matoning tillarang, to‘qsariq, oq, ko‘k, qizil va yashil kabi o‘ziga xos rangligini ta’kidlaygan.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, zanadanicha matolardan tikilgan kiyimlar Sug‘d, Toxariston va Markaziy Osiyoning boshqa viloyatlaridagi saroy hamda qo‘rg‘onlarning devoriy rasmlarida aks ettirilgan qabul va bayram manzaralarida keng namoyish etilgan.

- Bunday matolar ko‘proq milodiy VI - VIII asrlarga taalluqlidir. Jumladan, Afrosiyobda ochilgan devoriy suratlarda ulug‘ zotlar kiyimlari bezaklarining nihoyatda xilma-xilligini ko‘rish mumkin. Narshaxiy Buxoroning o‘zida Buxoro qal’asining sharqiy darvozasida joylashgan yirik to‘quv ustaxonasi – «Bait at-Turaz» haqida ta’riflaydi. U yerda X-XI-asrlarda xalifalik davrida juda qadrli bo‘lgan, ipak emas, balki paxta matolarining o‘ziga xos turi – «zandanacha» ishlab chiqarilgan. Arxeologik qazishmalar natijasida Shimoliy Kavkazda ham shunga o‘xshash mato parchalari topilgan,-deydi.

Bildirilishicha, XIV va XVI asrlarda Zandaniychi matosi paxtadan ishlab chiqarilgani uchun ham xaridorgir bo‘lgan. Zandaniychi matosi o‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa shaharlarida, shu jumladan Boltiqbo‘yi mamlakatida fuqarolar uchun eng arzon, tabiiy va sevimli import matolardan biri hisoblangan.

- Peshku tumanining Zandani qishlog‘i Buxoro amirligi tumanlaridan biri sanalgan. U qishloq 1856 yildan Buxoro amirligi muntazam qo‘shinining ikki ta’minot markazlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda qadimiy Zandani qishlog‘ining qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan. Bir vaqtlar mashhur to‘qimachilik ishlab chiqarish markazi bo‘lgan Zandani qishlog‘ida, mato ishlab chiqarish an’analarini davom ettirish maqsadida zamonaviy tikuv-to‘quv fabrikasi ochilib, hozirgi kunda yuzdan ortiq hudud aholisining bandligi ta’minlangan. Shuningdek, qishloqda sayyohlarni jalb etishda hududning ko‘p yillik tarixiy va an’anaviy hunarmandchilik imkoniyatlaridan samarali foydalanildi. Shu maqsadda Xitoyning Xanchjou shahridagi «Ipak muzeyi» bilan hamkorlikda «Zandani» qishlog‘ida zandanicha mato ishlab chiqarish ustaxonasi va muzeyini tashkil qilish hamda Buxoroning madaniy merosini saqlash, ommalashtirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Hozirda buxorolik hunarmand usto Ahmad Arabov, «SD-Turkman Haly» kompaniyasi rahbari Solmaz Jumayeva, «Buxoro merosi» ilmiy tadqiqot markazi direktori Robert Almeyev hamda Oregon Universitetining Xitoy va Markaziy Osiyo arxitektura tarixi kafedrasi professori Mariachiara Gasparini bilan hamkorlikda xalqaro aloqalarni o‘rnatish ishlarini olib bormoqdamiz. Zandanicha mato ham milliy madaniyatimiz, ham hunarmandchiligimiz ramzlari bo‘lib qolaveradi,-deydi Shohruh Amonov.

Ma’lumot o‘rnida: hozirda Zandane qishlog‘ining tarixiy ko‘rinishi sun’iy intellekt yordamida tiklangan va u tarixiy manbaalar bilan uyg‘un kelmoqda.

Bunday say’-harakatlar, nafaqat, tarixiy texnologiyalarni tiklaydi, balki xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, sayyohlarni jalb qiladi va mahalliy aholiga yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring